Tramp harbiylar va oilalarini haqorat qilganini inkor etmoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh Prezidenti Donald Trampning tanqidchilari, jumladan uning noyabrda bo’ladigan prezident saylovlaridagi demokrat raqibi Jo Bayden davlat rahbarini halok bo’lgan harbiylar oilalari haqida nojo’ya fikr bildirganlikda ayblamoqda. Tramp bunday da’volarni inkor etarkan, axborot vositalarini Demokratik partiya bilan til biriktirib, unga qarshi harakat qilayotganlikda aybladi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 8-sentabr, 2020-yil

Baydenning aytishicha, Tramp harbiylardan uzr so’rashi shart.

“Agar bu da’volar rost bo’lsa, prezident halok bo’lgan va hayotdagi barcha harbiylar ota-onalaridan farzandlarini kamsitgani va haqorat qilgani uchun uzr so’rashi kerak”, - dedi Bayden.

Prezident ayblovlarning yolg’on ekanini aytarkan, harbiylar va ularning oila a’zolarini qo’llab-quvvatlashini bildirdi.

“Askarlarimizni, yarador jangchilarimizni, urushda halok bo’lgan harbiylarimizni hech kim menchalik hurmat qilmaydi. Saylovgacha hali ko’p bunday yolg’onlarni eshitasiz”, - dedi Tramp.

Barak Obama prezidentligi paytida mudofaa vaziri lavozimida ishlagan Vyetnam urushi faxriysi Chak Xeygelning aytishicha, “Atlantika” jurnalidagi maqolada bitilgan da’volar marhum senator Jon Makkeyn kabi urush faxriylarini kamsitgan Tramp xulqini yana bir bor tasdiqlamoqda.

“U urush qahramoni emas. Uni asirga olishgani uchun qahramon bo’ldi. Men asirga tushmaganlarni yoqtiraman”, - degan edi Tramp.

“Bu prezidentning so’nggi 3-4 yildagi tarixi hammaga ma’lum. “Atlantika”dagi maqola uning og’zidan chiqqan ko’p gaplari, qilgan ko’p ishlariga yaqqol tasdiqdir”, - dedi Xeygel.

Ogayo shtatining respublikachi gubernatori Mayk Devayn saylovga yaqin chiqayotgan xabarlarning nega aynan hozir chiqayotganiga e’tibor berishga chaqirdi.

“Saylovga ikki oy qoldi. Saylov kampaniyasi paytida ko’p narsalar chiqib kelaveradi. Odamlar bunday narsalarga shubha bilan qarashi kerak”, - dedi hokim.

3-noyabr kuni bo’ladigan saylovlarda amerikaliklar AQSh prezidentidan tashqari Kongress a’zolarini ham saylaydi.