Tramp Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalarni ma'qulladi

  • Amerika Ovozi

Prezident Tramp Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalarni o’z ichiga olgan qonun loyihasini imzoladi. Unga ko’ra, Kongress prezidentning sanksiyalarni bekor qilish yoki yumshatish qaroriga veto qo’yishi mumkin. Trampga ko’ra, qonun Konstitutsiyaga xilofdir.

Yangi qonunni respublikachilar va demokratlar ko’pchilik ovoz bilan qabul qilgan.

"Prezidentning Senat va Vakillar palatasida ko’pchilik ovoz bilan o’tgan hujjatni imzolamaslikdan boshqa chorasi yo’q edi”, - deydi senator Kris Kuns.

Oq uy matbuot kotibasiga ko’ra, prezident mamlakat birligini o’ylab qonun loyihasini imzoladi.

Biroq Trampning aytishicha, qonun Amerika xalqi manfaatlarini hisobga olmaydi. Natijada Rossiya Xitoy bilan yaqinlashishi mumkin. Vashingtondagi Milliy mudofaa universiteti tahlilchisi Piter Yelsovga ko’ra, AQShning Rossiyaga qarshi oldingi sanksiyalari bu mamlakat iqtisodiyotiga jiddiy zarar yetkazdi.

"Rossiya iqtisodiyotida o’sish yo’q. 2000-yillar boshida neft narxi yuqori bo’lgan bir paytda Rossiya iqtisodiyotni modernizatsiyalashtirishi mumkin edi, ammo bunday qilmadi”, - deydi u.

Yangi sanksiyalar yanada kattaroq ziyon keltiradi, ammo, deydi Yelsov, Rossiya Qrimdan voz kechmaydi.

Rossiyaning BMTdagi yangi elchisi Vasiliy Nebenzyaning aytishicha, Kongressda ishlangan bu qonun Rossiya siyosatini o’zgartira olmaydi.

"Tarix buni bot-bot ko’rsatgan. Rossiya bukilmasligini, sinmasligini ular bilishi kerak edi", - dedi u.

Shunga qaramay, deydi Nebenzya, Moskva o’zini arazlagan bolaga o’xshab tutmaydi, AQSh bilan xalqaro hamjamiyat foydasi uchun hamkorlik qilishda davom etadi. Ammo Yelsovning aytishicha, Kreml javob choralari ustida o’ylanmoqda.