Qonunchilar e'tiroziga qaramay, Tramp Erdog'anni Oq uyda kutib olmoqchi

  • Amerika Ovozi

Arxiv surat. Tramp va Erdog'anning 2018-yil 11-iyulida Bryusseldagi uchrashuvi

13-noyabr kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an Oq uyda bo’lib, Donald Tramp bilan uchrashadi. AQSh qonunchilari Trampning Suriyadan askarlarni chiqarish va Erdog’anni Vashingtonga taklif qilish qarorlarini tanqid qilmoqda. Ular nazarida, Turkiya Suriyada AQShning “Islomiy davlat”ga qarshi kurashdagi ittifoqchisi kurdlarni nishonga olmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Qonunchilar e'tiroziga qaramay, Tramp Erdog'anni Oq uyda kutib olmoqchi

“Turkiyaga qarshi iqtisodiy sanksiyalar qo’llanishiga harakat qilamiz. Sanksiyalar Erdog’an hukumati Suriya demokratik kuchlarini nishonga olishda davom etgunga qadar amal qiladi”, - deydi demokrat-senator Kris Van Xollen.

Yana bir muxolif senator Chak Shumer AQSh qo’shinlari Suriyadan chiqarilishi ketidan “Islomiy davlat” oyoqqa turishidan xavotirda. Shumer Erdog’anning Oq uyga taklif etilganidan norozi.

“Prezident Tramp o’z harakatlari bilan ittifoqchilarimizga tahdid qilgan avtokrat rahbarga poyandoz solayotganiga aql bovar qilmaydi”, - dedi qonunchi.

O’tgan oy Turkiya Suriyaga qo’shin kiritganida Tramp Erdog’anga maktub yo’llab, aqlini yig’ib olishni so’ragan edi. Turkiya rahbari Tramp maktubini pisand qilmagani haqida xabar berilgan. Ana shunday vaziyatda Oq uyga tashrifni hech kim kutmagandi.

Ayrim kuzatuvchilar Erdog’anning Vashingtonga tashrifini NATOga a’zo ikki davlat aloqalarini yaxshilashga qulay imkoniyat sifatida ko’rmoqda.

“Prezident Erdog’an Trampni AQShdagi yagona do’sti deb biladi. Tramp esa Turkiya rahbarini ba’zi sabablarga ko’ra o’ziga mos ko’radi, balki ikkisining hayotga qarashi o’xshash bo’lgani uchundir”, - deydi Vashingtondagi “Amerika taraqqiyoti markazi”dan Alan Makovskiy.

Tahlilchi nazarida, Trampga Erdog’anning qat’iyati yoqadi va ikkisi bemalol til topishib keta oladi.