Tunisdagi parlament saylovlarida atigi 9 foiz saylovchi qatnashgan

  • Amerika Ovozi

Saylov uchastkasi

18-dekabr kuni Afrikaning Tunis davlatida parlament saylovlari o’tkazildi, ammo unda saylovchilarning atigi salkam 9 foizi qatnashgan. Aksar siyosiy partiyalar saylov Prezident Kais Said hokimiyatini kuchaytirishga qaratilganiga ishora qilarkan uni boykot qilgan. Saylov Tunisda Arab bahori deb nomlangan inqilobning 12-yiliga to’g’ri keldi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 19-dekabr, 2022-yil

Said 2021-yilda parlamentni tarqatib, shu yil yozida prezident vakolatini kuchaytirishga qaratilgan yangi konstitutsiya bo’yicha referendum o’tkazdi.

Muxolifat uning bu qadamlarini tanqid qilib, “2011-yil inqilobida erishilgan demokratiyaga hamla” deb atadi. Yakshanba kuni saylovchilarning passiviligi ham shu bilan izohlanmoqda. Ba’zi kuzatuvchilarga ko’ra esa iqtisodiy qiyinchiliklarga yuz tutgan aholi saylovni tirikchilikdan chalg’ish deb ko’rgan, unga befarq bo’lgan.

Ayrim muxbirlarning kinoya bilan aytishicha, poytaxt Tunisdagi saylov uchastkasida saylovchilardan ko’ra jurnalistlar ko’p bo’lgan.

“Bizga bir imkoniyat berildi. Kimgadir ishonishga, unga ovoz berishga. Biz ishonch bildirgan nomzod o’zgarishlarga qo’l ura oladi degan umiddaman”, - deydi saylovchilardan biri.

Yana bir saylovchi jarayon 2011-yildan beri siyosiy va iqtisodiy inqirozlarni boshdan kechirgan mamlakatga barqarorlik keltirishiga umid qildi.

“Prezident Kais Said halol inson, ammo zo’r siyosatchi emas. Ishlagisi bor, ammo muxolif siyosatchilar unga imkon bermayapti”, - deydi bu saylovchi.

Tunis parlamentidagi 161 ta o’rin uchun mingdan oshiq nomzod bellashdi.

Yangi konstitutsiyaga ko’ra, yangi parlament vakolatlari cheklanib, ayollar soni ham kamroq bo’ladi. Ayollar va yoshlar uchun ajratilgan kvota tizimi bekor qilingan.

Kuzatuvchilarga ko’ra, nomzodlarning ko’piga tajriba yetishmaydi, muxbirimiz tomonidan so’ralgan saylovchilarning ba’zilari hatto nomzodlar kimligini aytib bera olmagan.

“Kim ular, dasturi qanday, bilmaymiz, Yangi parlamentda demokratik mamlakatlarda bo’lganidek barcha siyosiy kuchlarni ko’rmaysiz. Asl ishini qiladigan, qonunlar taklif etadigan parlament bo’lmaydi bu”, - deydi faol Shaima Aysa.

Prezident Saidning mamlakatda obro’si baland. Siyosiy raqiblarining ko’pi iqtisodiy taraqqiyot va ish o’rinlari haqidagi va’dalarini bajarish o’rniga mamlakatni siyosiy tanazzulga yetaklagani uchun keskin tanqidga uchragan. Ammo ular Prezident Said ham aholi turmushini o’zgartira olmaganini aytadi.

“Odamlarga qarang. Hamma Jahon chempionati o’yinlarini tomosha qilish bilan ovora, saylovga qiziqishi yo’q. Men ham chiqmadim saylovga. Saidga qarshi emasmiz, ammo Tunisda layoqatli siyosatchilar yo’q. Odamlar ishsiz o’tiribdi”, - deydi poytaxtlik bir odam.

Sayov natijalari bir necha kunda ma’lum bo’ladi, ayrim joylarda nomzodlar ikkinchi bosqichda bellashishi mumkin, biroq saylov natijasi Tunis kelajagi qanday bo’lishi haqidagi savolga javob bera olmaydi.