Turkiyada AQSh elchixonasi yonida portlash

  • Amerika Ovozi
Turkiya poytaxti Anqarada Amerika elchixonasi yonida bir kishi o’zini portlatib, o’zi bilan birga yana bir odamni, soqchini o’ldirgan.

O’sha payt atrofda elektr ta’minoti uzilgani sababli kuzatuv video kameralari ishlamagan.

“Hamkasbimiz o’limidan chuqur qayg’udamiz”, - deydi elchi Frensis Rikardone. “Uning mardonavor harakatlari, Turkiyaga, Turkiya-Amerika do’stligi yo’lida qilgan xizmatidan minnatdormiz”, - deydi u.

Polistiya xuruj takrorlanishi ehtimoli haqida ogohlantirayapti.

Portlash ro’y bergan joyda o’t o’chiruvchilar, tibbiyot xodimlarini ko’rish mumkin. Bir necha elchixona joylashgan bu hududga hozir politsiya hech kimni yo’latmayapti. Xodimlar xavfsiz yerga jo’natilgani aytiladi.

Voqea ortida kim turgani hozircha aniq emas. Turkiya Ichki ishlar vaziri Muammar Guler so’zlariga qaraganda, hujumchi noqonuniy so’lchi tashkilotga ishlagan.

O’tgan yilning 11-sentabrida Liviyaning Bing’ozi shahrida Amerika vakolatxonasiga qilingan tajovuz natijasida to’rt amerikalik, jumladan, elchi Kristofer Stivens o’lgan edi. Shundan beri AQSh diplomatlari hushyor bo’lib turibdi.

Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyyip Erdog’an portlashni qoralab, butun dunyoni terrorchilarga qarshi birlashishga undadi.

Oq uy matbuot kotibi Jey Karni ham xurujni tanqid qilib chiqdi. “Terroristik hujum bu”, - deydi u.

Karnining aytishicha, Turkiya Amerikaning mintaqadagi eng kuchli ittifoqchilaridan va bu voqea ikki davlatning terrorizmga qarshi kurash qarorini yanada mustahkamlaydi.

Istanbulda 2008-yilda AQSh vakolatxonasiga uyushtirilgan hujumda olti kishi, jumladan, uch politsiyachi jon bergan edi.