Turkiyada kurd ayol siyosiy idora oldida o'zini portlatgan, o'lganlar bor

  • Amerika Ovozi

Bingol shahri, 29-oktabr 2011

Turkiya janubi-sharqidagi Bingol shahrida portlash yuz berib, uch kishini hayotdan olib ketgan. Shuningdek, suiqasdchi ayolning o’zi ham o’lgan, deydi mahalliy rasmiylar.

Xuruj mamlakatni boshqarayotgan "Adolat va Taraqqiyot" partiyasi idorasi yonida sodir etilgan.

Asosan kurdlar yashovchi bu hudud Turkiyaning eng beqaror qismi.

Iroq bilan chegaradosh mintaqada kurd jangarilariga qarshi amaliyotlar avjida ekan, suiqasdchilar harbiylar va davlat idoralari nishonga olmoqda.

Kurdiston Ishchilar Partiyasi, AQSh, Yevropa Ittifoqi va Turkiya nazarida, terrorchi tashkilot. Uning jangarilari yaqinda 24 turk askarini o’ldirganlikda gumon qilinadi.

Kurd aholi uzoq yillardan beri o’z haq-huquqlari uchun kurashib keladi. Turkiya hukumati konstitutsiyani yangilab, unda kurdlarga tenglik va’da qilmoqda.

Kurd yetakchilari esa “bizga nafaqat tenglik balki muxtoriyat kerak” deya talab qilib keladi.