Turkiyada 350 politsiyachi maydaroq ishga o'tkazilgan

  • Amerika Ovozi

Turkiya bosh vaziri Rajab Toyib Erdog'an

Turkiya bosh vaziri Rajab Toyib Erdog’an Anqara politsiyasining 350 xodimini vazifasidan ozod etishni buyurgan. Shulardan 80 nafari rahbar lavozimida ishlagan.

Mahalliy matbuot xabariga ko’ra, ba’zilari bosh boshqarmadan Anqara atrofidagi kichikroq bo’limlarga, yo’l nazorati xizmatiga o’tkazilgan. Bu politsiyachilar korrupsiya bilan bog’liq ishlarni tergov qilishda ishtirok etgani aytiladi.

Erdog’anning aytishicha, tergov uning hukumati obro’siga putur yetkazish va, hatto uni qulatish maqsadida uyushtirilgan.

Yaqinda korrupsiyada ayblanib, ko’zga ko’ringan arboblar, vazirlarning o’g’illari, tadbirkorlar Istanbul va Anqarada hibsga olingan edi. O’tgan oy farzandlari bu ishga aralashgan uch vazir ishdan ketgan. Erdog’an bunga javoban Istanbul politsiyasini ham tozalashni buyurgan.

Kuzatuvchilarga ko’ra, Erdog’an o’zining yaqin ittifoqchisi, AQShda yashovchi diniy ulamo Fathulla Gulen bilan urushib qolgan. Gulen hukumatning xususiy maktablarni yopish qaroridan norozi. Diniy maktablar Gulen tashkil qilgan tarmoqqa qaraydi.

Turkiya xavfsizlik idoralarida arbobning ko’plab tarafdorlari borligi aytiladi.

Erdog’an tashqi kuchlarni hukumati ildiziga bolta urishga harakat qilayotganlikda ayblab, qarshi chora ko’rishini bildirgan.