Turkiyada matbuot xodimlari fitnada ayblanib hibsga olindi

  • Amerika Ovozi

"Zamon" gazetasining bosh muharriri Akram Dumanli (markazda) hibsga olinmoqda, Istanbul, 14-dekabr, 2014-yil

Turkiyada kecha politsiya bir necha gazeta idorasida reyd o'tkazib, 24 kishini hibsga olgan. Ularning AQShda yashovchi diniy ulamo Fathulla Gulen tarafdorlari ekani aytiladi. Prezident Rajab Toyib Erdog'anning yaqin o'tmishdagi ittifoqchisi endilikda ashaddiy siyosiy raqibi sifatida ko'rilmoqda. Erdog'an Gulenni amaldagi tuzumni to'ntarishga harakat qilayotganlikda ayblaydi.

Bosh vazir Ahmet Dovuto'g'lining aytishicha, davlatga qarshi harakat qilganlar jazosini oladi.

"Davlat idoralariga kirib olib, bosh vazir va prezidentning suhbatlarini yashirincha yozib olganlar, milliy razvedka boshqarmasida o'z siyosiy maqsadlarini olg'a surganlar, Suriyaga ketayotgan yordamni to'xtatib, bu ishda hukumatni ayblab dunyoga jar solganlar qilmishi javob beradi", - dedi bosh vazir.

Hibsga olinganlar orasida "Zamon" ommabop gazetasining bosh muharriri Akram Dumanli ham bor.

"Mamlakatning demokratik asoslariga chang solgan, qonun va tartibni pisand qilmay, har bir raqibini nishonga olayotgan, zo'ravonlik va adovatga to'la bir mahluq bilan yuzlashyapmiz. Demokratiyamiz, mamlakatimizni undan himoya qilishimiz kerak", - deydi Dumanli.

73 yashar Gulen badavlat arbob bo'lib, Turkiyada matbuot, maktablar va madaniy markazlarni nazorat qiluvchi Hizmat harakatining diniy yetakchisi hisoblanadi.

Yevropa Ittifoqi kechagi reydlarni tanqid qilib, Yevropa qadriyatlari va andozalariga zid, dedi. AQSh Davlat departamenti Turkiyani matbuot erkinligi va sud mustaqilligini saqlashga chaqirdi.

Turkiyada jurnalistlar hibsga olindi