Turkiya Rossiya harbiy samolyotini urib tushirdi

  • Amerika Ovozi

Samolyotning qulayotganda olingan surati, 24-noyabr, 2015-yil

Bugun Rossiyaning Suriyada harakatlanayotgan harbiy samolyotlaridan biri Turkiya tomonidan urib tushirildi.

Anqara Su-24 samolyoti Turkiya havo sarhadiga kirganini, unga 10 marotaba ogohlantirish berilganini da'vo qilmoqda. Rossiya Mudofaa vazirligi esa samolyot Suriya hududini tark etmagan, demoqda. Samolyot Suriyaning turkmanlar yashovchi Latakiya viloyatida qulagani aytilmoqda.

Uchuvchilar parashyut bilan sakragan, biroq ulardan biri havoda suriyalik isyonchilar tomonidan otib o'ldirilgan. Ikkinchisining taqdiri noma'lum.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Turkiyaning bu ishini orqadan pichoq urishga tenglashtirib, ikki davlat munosabatlari uchun oqibati yaxshi bo'lmasligini, aytdi.

"Samolyot 6000 metr balandlikda, Turkiya chegarasidan bir kilometr narida Suriya hududi uzra urib tushirilidi va chegaradan to'rt kilometr narida quladi", - dedi Putin.

Turkiya Bosh vaziri Ahmet Dovuto'g'li samolyotni urib tushirish qarorini to'g'ri ekanini aytib, mamlakat xavfsizligini ta'minlash uchun barcha choralarni ko'ramiz, dedi.

NATO shu munosabat bilan favqulodda majlis chaqirgan. Turkiya voqea yuzasidan hisobot berishi kutilmoqda.

Turkiya bungacha ham Rossiya samolyotlari uning chegarasini buzgani haqida shikoyat qilgan edi. Oktabr oyida esa Turkiya hududiga kirgan pilotsiz samolyot (dron) urib tushirilgan. Uning kimga tegishli ekani aniqlanmadi, biroq Anqaraning bildirishicha, dron Rossiyaniki bo'lgan, Moskva bu da'volarni inkor etdi.

Bugungi voqeadan so'ng Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Rossiya fuqarolariga Turkiyaga safar qilmaslikni tavsiya qildi. Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov esa Anqaraga chorshanba kunga belgilangan safarini qoldirdi.