Turkiyada suriyalik qochqinlar uchun maktablar ishlamoqda

  • Amerika Ovozi

Turkiyada suriyalik qochqinlar lagerda tahsil olmoqda

Suriya mojarosiga salkam ikki yil to’larkan, minglab fuqarolar zo’ravonliklardan qo’shni davlatlarga qochgan. 200 mingdan ziyodi Turkiyada. Ularning farzandlari ta’lim bobida oqsamasligi uchun qochqinlar lagerlarida ular uchun maktablar tashkillashtirilgan. Ammo yana minglab suriyaliklar lager chetida, mahalliy aholi orasida yashaydi.

Yaqin paytgacha ularning farzandlari o’qishdan bebahra qolgan edi, biroq “Amerika Ovozi” muxbiri Skot Bobbning Gaziantep shahridan xabar berishicha, turk rasmiylari ularni ham maktabga joylamoqda.

Gaziantep Suriya chegarasidan 50 kilomoter narida joylashgan bo’lib, qochqinlar bolalari uchun turk maktab programmasi bo’yicha, ammo arab tilida darslar o’tilyapti. Ularga turk va ingliz tillari ham o’rgatiladi.

Gaziantepdagi maktab oktabrda ochilgan bo’lib, sakkizta sinfda 600 ga yaqin suriyalik bola o’qiydi. Kichik sinflar ertalab, o’smirlar esa tushdan so’ng. 300 dan ziyod ota-ona uchun turk tilidan kechki kurslar tashkil etilgan.

Muxbirimiz Skot Bobb maktabga borgan mahal 4-sinf o’quvchilariga rasm darsi o’tilayotgan edi. Jurnalist tasvirlarni ko’rib, hayajonlandi. O’z vatanidagi zo’ravonliklarga guvoh bo’lgan bolalar kechinmalarini qog’ozga tushirdi.

Maktab direktori Orxan Buyukaslanning aytishicha, bolalarning boshidan nimalar o’tganini shu rasmlarga qarab bilsa bo’ladi – urush, otishmalar, zo’ravonliklar, bomba portlashlari.

"Qochqinlar hali ham o’ziga kelmagan, asablari joyidamas. Ba’zida bolalar arzimagan narsani deb tortishib, janjallashib ketishadi", - deydi direktor.

Gaziantep shahar ma’muriyati maktab uchun pul ajratgan, o’quvchilar xarajatlarini o’z zimmasiga olgan. Shahar hokimi Azim Guzelbeyning aytishicha, bu qadar ko’p xorijliklarning shaharda bo’lishi ayrim odamlarni asabiylashtirishi tabiiy, ammo mahalliy aholi ofat nima ekanini yaxshi tushunadi.

"Birinchi jahon urushidan keyin mojarolarda shahar aholisining 25 foizi nobud bo’lgan. Shuning uchun odamlar musibat, bor-butini yo’qotish, ochlik nima ekanini yaxshi biladi. Suriyaliklarga hamdardmiz", - deydi hokim.

Azim Guzelbey qo’shni Suriyada har kuni odamlar o’layotganidan, mamlakat vayron bo’layotganidan tashvishda. Urushning qachon tugashini hech kim bilmaydi. Shunday ekan, Gaziantepga qo’shni davlatdan yana qochqinlar kelishi mumkin.