Turkiya Suriya bilan aloqalarni yaxshilamoqchi

  • Amerika Ovozi

Turkiya Bosh vaziri Binali Yildirim

Turkiya Bosh vaziri Suriya bilan aloqalarni yaxshilash niyati borligini ma'lum qildi. Anqara Assad rejimiga qarshi qurolli kurash olib borayotgan muxolifatni qo'llab-quvvatlagandan beri Damashq bilan aloqalar uzilgan edi. Turkiya hukumatining yangi taklifi Anqara tashqi siyosatidagi tub burilish sifatida baholanmoqda.

Sobiq turk diplomati Aydin Seljenning aytishicha, Suriya bilan aloqalarni tiklash sekin-asta olib boriladi.

"Avvalo, terrorizmga qarshi kurash masalasida gaplashiladi. Bu samara bersa, siyosiy aloqalarni yaxshilashga ham o'tilishi mumkin", - deydi u.

Seljenning aytishicha, Anqara Turkiya chegarasida kurdlarning mustaqil hududi paydo bo'lmasligi uchun Suriya bilan hamkorlik qilishni istayapti.

Siyosiy tahlilchi Semih Idiz Turkiya siyosatidagi bu o'zgarishlar Suriya muxolifati orasida jiddiy noroziliklarga sabab bo'lishini aytadi.

Anqara Suriya isyonchilarini qurol bilan ta'minlayotganini inkor qiladi. Ammo kuzatuvchilar Suyidagi muxolif kuchlar uchun asosiy ta'minot Turkiyadan kelishini aytadi.

Sobiq bosh vazir Ahmet Dovuto'g'li Suriya bo'yicha Turkiya siyosatining arxitektori sanaladi. Tahlilchilar fikricha, may oyida uning vazifasidan olinishi siyosatda o'zgarish bo'lishiga eshik ochgan bo'lishi mumkin.

Anqara rasman Suriya siyosatida o'zgarish bo'lmagani aytmoqda. Ammo sobiq diplomat Seljen fikricha, Suriya muxolifatining davomiy mag'lubiyati, eng katta Halab shahrining yana rejim qo'liga o'tish arafasida turgani Anqarani o'ylantirib qo'ygan.

Turkiyaning Suriya bilan aloqalarni yaxshilashga urinishi Isroil va Rossiya bilan munosabatlar tiklanishidan bir necha hafta o'tib yuz bermoqda. Izolyatsiyadan chiqish uchun Iroq va Misr bilan ham aloqalarni yaxshilashi kutilmoqda.

Tahlilchilar fikricha, Anqara nihoyat tashqi siyosatda idealizmdan pragmatizm sari o'tmoqda.