Ukraina sharqidagi shaharlar ayirmachilar qo’liga o’tayapti

  • Amerika Ovozi

Luganskda ukrain qo'shinlari hukumat binosini qo'riqlayapti.

Rossiya Yevropa Ittifoqini Ukrainaning ichki siyosatini mutlaqo tushunmaslikda ayblab tanqid qilmoqda. Ukrainadagi krizis bois ittifoq qo’shimcha sanksiyalar e’lon qilgan; xususan, 15 mulozim nishonga olingan.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi nazarida Yevropaning yangi jazo choralari mahalliy millatchi-natsist guruhlar uchun eshiklarni lang ochib beradi. Sharqdagi bu guruhlar noqonuniy faoliyatini bemalol davom ettirish uchun ruxsat oldi hisob, deyiladi vazirlik bayonotida.

Bundan tashqari, Qo’shma Shtatlar Rossiyada yetti rasmiy va 17 kompaniyaga sanksiyalar qo’ydi. Ularga viza cheklovlari joriy etilib, hisob raqamlari muzlatildi.

Yevropa Ittifoqining sanksiyasiga uchraganlar ro’yxatida Rossiya bosh vaziri muovini Dmitriy Kozak, Rossiya qurolli kuchlar shtabi rahbari, general Valeriy Gerasimov bor.

Amerika esa Rossiya rahbari Vladimir Putinning Qrimdagi elchisi, prezident xavfsizligi uchun mas’ul mulozim va davlatga qarashli neft kompaniyasi rasmiysini sanksiya bilan nishonga oldi.

Kreml munosib javob qaytarishini aytmoqda.

Yaponiya, bu orada, Rossiyada 23 mutasaddiga viza bermaslikka qaror qilgan. Bu shaxslar Ukrainaning suverenitetiga ziyon qilgani uchun jazoga uchramoqda. Aynan kimlar haqida gap ketayotgani hali aniq emas.

Bu orada, Pentagonning bildirishicha, Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu Amerika Mudofaa vaziri Chak Xeygl bilan telefonda gaplashgan; Shoygu Rossiya Ukraina sharqiga qo’shin tortmaydi, deya ishontirgan.
Rus askarlari chegaradagi harbiy mashqlardan keyin bazalarga qaytdi, deydi Rossiya vaziri. Lekin NATOning bugun matbuotga izohicha, Rossiya armiyasi joyidan siljigani yo’q.

Ayni paytda Yevropa inspektorlari Ukraina sharqida Rossiyaga xayrixoh kuchlar tomonidan garovga olingan. Xeygl Kremldan ularni ozod qilishda yordam so’radi.

Ukraina sharqidagi Lugansk shahrida gubernator idorasi kecha isyonchilar qo’liga o’tgan. Ayirmachilar kamida 11 shaharda hukumat binolarini egallab olgan. Ular Ukrainadan ajralib, Rossiyaga qo’shilishni talab qilmoqda.