Ukraina sharqida yana janglar boshlanib ketdi

  • Amerika Ovozi

10 kunlik sulh o’z nihoyasiga yetishi bilan Ukraina qurolli kuchlari sharqdagi qurollangan ayirmachi kuchlarga qarshi yangi operatsiyalar boshladi.

Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi ma’lumotiga ko’ra, oxirgi 24 soat mobaynida besh askar nobud bo’lgan, bo’lginchilardan esa yuzlab nafari.

Kengash so’zlovchisi Andrey Lisenko separatistlardan uch aholi punkti tortib olinganini aytmoqda.

Donetsk mintaqasida isyonchilar Su-24 rusumidagi armiya samolyotini nishonga olgan, ammo samolyot bir motor bilan qo’nishga muvaffaq bo’lgan.

Rossiyaning “Itar-Tass” axborot agentligi xabariga ko’ra, Ukraina havo kuchlari Kramatorsk shahrini bombardimon qilayapti.

AQSh va uning Yevropadagi ittifoqchilari Kremlni bo’lginchilarga qurol-aslaha yetkazayotganlikda ayblaydi. Prezident Vladimir Putinga ko’ra esa janglar yana avj olganida Poroshenkoning o’zi aybdor, chunki u sulhni uzaytirmadi, deydi Rossiya rahbari.

Putinning qayd etishicha, ruslar qayerda yashamasin, ularning haq-huquqi Rossiya himoyasida.

Kuni-kecha AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan telefonda suhbatlashgan. Rossiya quvvatlayotgan separatistlar, deydi Kerri, vaziyatni tinchlantirish uchun jiddiy qadamlar tashlashdan bosh tortdi va shu bois sulh muhlati uzaytirilmagan.

Vashington va Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi yangi iqtisodiy sanksiyalar joriy etishi mumkin.