Ukraina bloklarga qo'shilmaslik maqomidan voz kechdi

  • Amerika Ovozi

Ukraina parlamenti, 23-dekabr, 2014

Ukraina NATOga a'zo bo'lish yo'lida bugun yana bir qadam qo'ydi. Parlament mamlakatning bloklarga qo'shilmaslik maqomini bekor qildi. Qonunchilarning aksariyati (303-8) bunga ovoz berdi.

Ukraina 2010-yilda Rossiya bosimi ostida betaraf pozitsiyani qabul qilgan edi. NATOning sharq tomon kengayishidan xavotirga tushgan Kreml Kiyevning harbiy ittifoqlarga va avvalo NATOga qo'shilishini istamagan.

Ukrainaning Rossiya bilan munosabatlari sovuq ekan, yangi hukumat undan uzoqlashib, alyansga a'zo bo'lish istagini bildirgan.

Rossiyaning Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotidagi vakili Andrey Kelin Oliy Rada qarorini tanqid qilib, Moskva bunga qarshi chora ko'rishini bildirdi.

Rossiya Bosh vaziri Dmitriy Medvedevning aytishicha, Ukraina bu qarori bilan Rossiyaning ehtimoliy harbiy raqibiga aylanmoqda.

Ukraina Radikal partiyasi rahbari, deputat Oleg Lyashkoning aytishicha, Ukrainani himoya qilish uchun zudlik bilan armiyani oyoqqa turg'izish zarur.

"NATOdek kollektiv mudofaa tizimiga qo'shilishimiz zarur. Ukrainaning o'rni NATOda", - dedi qonunchi.