Poroshenko Ukrainaga xalqaro kuchlarni kiritishni so'rayapti

  • Amerika Ovozi

Ukraina Prezidenti Petro Poroshenko

Ukraina Prezidenti Petro Poroshenko sharqdagi Debalsevo shahrinining isyonchilar tomonidan egallanishini Minskda imzolangan sulh bitimiga zid deb qoralagan.

Donetsk va Lugansk oblastlari o'rtasida joylashgan shahar uchun so'nggi haftalarda og'ir janglar kechgan. Poroshenko Rossiyani isyonchilarga yordam berayotganlikda ayblab keladi.

Isyonchilar Debalsevoda Ukraina armiyasini halqaga olganini aytib, askarlardan qurollarini tashlab, taslim bo'lishga chaqirgan edi. Poroshenko qo'shinlarning qurshovga tushganini tan olishdan bosh tortgan bo'lsa-da, bugun u isonchilarga taslim bo'lgan harbiy asirlarni ozod etishni so'ragan.

Ukraina Debalsevo uchun janglarda bir necha o'n askarini yo'qotganini aytsa, isyonchilar hisobiga ko'ra, uch ming zobit jon bergan.

Poroshenko hududga xalqaro tinchlikparvar kuchlari kirishini istayapti, biroq Rossiya qo'shinlariga bu kuchlar safida joy yo'q. Ukraina qo'shni mamlakatni agressor deb hisoblaydi. Rossiya va isyonchilar Donbassga xalqaro kuchlar kitirilishiga qarshi.

Bugun Ukraina, Rossiya, Fransiya va Germaniya rahbarlari telefon orqali vaziyatni muhokama qilib, tomonlar sulh bitimining barcha shartlarini bajarishi kerak, degan, ya'ni otishmalar butunlay to'xtatilishi, og'ir qurollar chiqarilishi, asirlar qo'yib yuborilishi lozim.