Ukraina bo'lginchilar bilan asir almashdi

  • Amerika Ovozi

Ukraina hukumati va mamlakat sharqidagi bo’lginchilar yana asir ayirboshladi.

O’zini Donetsk Xalq Respublikasi deb yurituvchi bo’lginchi hudud vakili Darya Morozovaning aytishicha, ularning 10 odami ozod bo’lgan, Ukraina tomoniga to’qqiz kishi topshirilgan, bir isyonchi Donetskka qaytishdan bosh tortgan.

Ukraina sharqidagi olti yillik fuqarolar urushida 14 mingdan ziyod odam o’lgan.

Ukrainada o’tgan yili Vladimir Zelenskiy prezidentlikka saylanganidan beri uchinchi marta asir ayirboshlanmoqda.

"Jarayon prezident strategiyasining samarasini va to’rt mamlakat rahbarlari uchrashuvida erishilgan kelishuvga sodiqligini namoyish etmoqda”, - deyiladi Zelenskiy idorasi tarqatgan bayonotda.

Ukraina va Rossiya prezidentlari oy boshida Parijdagi “Normand to’rtligi” uchrashuvi paytida asir ayirboshlashga kelishib olgan edi.

Shu kuni yana bir bo’lginchi hudud – Lugansk Xalq Respublikasi bilan ham asir almashilgan. Kiyev Luganskka 7 kishidan 4 nafarini bergan, Kiyevga esa 11 odam topshirilgan, uch kishi Luganskka qaytishni istamagani aytiladi.

Bungacha tomonlar so’nggi bor 29-dekabr kuni asir ayirboshlagan edi. Bo’lginchilar Kiyevga 76 kishini, Ukraina esa asirga olingan 124 odamni topshirgandi.