Ukrainada Rossiyaga moyil kuchlar qamalni davom ettirmoqda

  • Amerika Ovozi

Donetsk, Ukraina

Ukraina sharqida Rossiyaga xayrixoh kuchlar hukumat binolari qamalini davom ettirmoqda. Holbuki, Kiyev va Moskva kecha ziddiyatni murosa bilan hal qilishga kelishib olgan edi.

Namoyishchilar esa bu bitimga amal qilishga majbur emasmiz, deydi. Ular Ukrainada vaqtli hukumat ishdan ketsagina binolarni bo’shatishga rozi.

Ukraina, Rossiya, Amerika va Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari kecha Jenevada muzokara qilgan edi.Taraflar erishga kelishuvga ko’ra, isyonchilar hukumat idoralarini tark etishi, odamlar qurolini topshirishi lozim.

Bu orada, AQSh rahbari Barak Obamaning aytishicha, Rossiya vaziyatni alanga oldirishda davom etsa, Vashington qo’shimcha sanksiyalarni ishga soladi.

Yevropadagi ittifoqchilar bilan shu haqda gaplashayapmiz, deydi Obama. Kelasi bir necha kunda Jenevadagi bitim ijrosini kuzatamiz. Biroq o’tgan tajribadan xulosa qilib, u qadar katta umidlar bog’lagan emasmiz. Rossiya Ukraina ishlariga aralashaversa, javob berishga majbur bo’lamiz, deydi AQSh rahbari.

Xalqaro shartnomada aytilishicha, Ukrainada davlat idoralarini bo’shatgan namoyishchilarga amnistiya beriladi. Biroq og’ir jinoyatlar sodir etganlarga bu taalluqli emas. Bundan tashqari, xalqaro kuzatuvchilar Ukrainaga borib bitim ijrosini kuzatadi.

Ammo kelishuvda Moskva 40 ming askarini Ukraina bilan chegaradan qaytarib olishi kerak degan band yo’q. Unda Qrimning Rossiyaga qo’shib olinishi haqida ham lom-mim deyilmaydi. Shuningdek, Kremldan Kiyev bilan bevosita muzokara qilish talab qilinmaydi.

Ukrainadan suratlar