Ukraina Rossiyani zimdan agressiv harakat qilayotganlikda aybladi

  • Amerika Ovozi

Moskvaning bildirishicha, salkam 300 yuk mashinasiga ortilgan insonparvarlik madadi hozir yo’lda. Yuzlab tonna yordam Ukrainaning rusiyzabon fuqarolariga atalgani aytilmoqda.

Ukraina Ichki ishlar vazirining bugun ta’kidlashicha, Rossiya jo’natgan insonparvarlik karvoni mamlakatga kiritilmaydi.

Vazir Arsen Avakovning aytishicha, Rossiya yuk yuborib, provokatsion, zimdan agressiv harakat qilmoqda. Moskvaning bildirishicha, salkam 300 yuk mashinasiga ortilgan insonparvarlik madadi hozir yo’lda. Yuzlab tonna yordam Ukrainaning rusiyzabon fuqarolariga atalgani aytilmoqda.

Ukraina talabi shundan iboratki, avval karvonni Xalqaro Qizil Xoch qo’mitasi tekshiruvdan o’tkazishi va yuk shu xalqaro tashkilotning mashinalariga ortilishi kerak.

Davlat departamenti rasmiy Kiyevning talabini to’liq yoqalayapti. Karvon tarkibida Rossiyaga xayrixoh bo’lginchilarga atalgan qurol-aslaha yo’qligiga ishonch hosil qilish kerak, deydi Amerika mutasaddilari.

“Rossiyaning Ukraina ruxsatisiz bu davlatga kirishga haqqi yo’q. Gumanitar yordam yoki boshqa sabablar bo’ladimi, albatta Kiyevning ijozatini olish kerak”, - deydi Davlat departamenti so’zlovchisi Mari Harf.

Xalqaro Qizil Xoch Qo’mitasi bu gumanitar madad borasida Rossiya bilan biror muloqot kechmaganini aytmoqda. Shu bilan birga, Ukraina sharqidagi Donetsk va Lugansk kabi shaharlarda dori-darmon, ichimlik suvi tanqis, elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilmoqda, deya tan oladi xalqaro qo’mita.