Qrim bosib olinganiga ikki yil bo'ldi, Ukraina sharqi notinch

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Rossiya Ukrainaning Qrim yarimorolini o’ziga qo’shib olganiga ikki yil to’ldi. Kremlga ko’ra, 2014-yilgi referendumda Qrim ahli Rossiyaga qo’shilish istagini bildirgan, xalqaro qonunlar buzilgani haqidagi gaplar safsata. Ukraina sharqida esa janglar jadallashgan.

Rossiya nazoratidagi Qrimda bayram, tantana. Ukraina sharqida esa otishma, urush.

Xalqaro kuzatuvchilar sulh kelishuvi tez-tez buzilayotganini qayd etib, bunda asosan separatistlarni ayblamoqda.

Ayrimlar nazarida, sharqdagi zo’ravonlik Ukrainada vaziyatni izdan chiqarishga qaratilgan Rossiya hiylasidir.

“Rossiyaga Ukraina sharqi kerak emas. Qrim kerak edi, bosib olishdi. Ammo Donetsk va Luganskka da’vo qilishmaydi”, - deydi AQSh sobiq elchisi Stiven Payfer.

G’arbdagi ittifoqchilar Ukraina hukumatini islohotlarga, shuningdek, o’tgan yilgi sulhga amal qilishga undayapti. Rossiyani gapga ko’ndirish uchun esa iqtisodiy bosim qo’llanmoqda.

AQSh Mudofaa vazirligi rasmiysi Maykl Karpenter so’zlariga ko’ra, Amerika va Yevropa qo’ygan sanksiyalar hamda jahon bozorida neft bahosi tushib ketgani Rossiya iqtisodiga jiddiy zarar yetkazgan.

Ayni paytda butun e’tibor Ukraina sharqida qayta boshlangan janglarda. Pentagon va Obama ma’muriyati qayd etadiki, Qrim muammosi tez orada yechiladigan masala emas.

“Qrim haqida unutganimiz yo’q. Ayni vaqtda biz muammo harbiy yo’l bilan hal qilinmasligini tan olamiz”, - deydi Karpenter.

Ukraina sharqini tinchitish ham uzoq muddatli loyihaga o’xshab qolayotir.