Rossiya Ukrainaga gazni arzonlashtiradigan bo'ldi

  • Amerika Ovozi

Ukraina prezidenti Viktor Yanukovich (o'ngda) Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan Kremlda uchrashmoqda, 17-dekabr, 2013-yil

Ukraina prezidenti Viktor Yanukovich Moskvada Rossiya rahbari prezident Vladimir Putin bilan muzokara qilib, 15 milliard dollarlik kredit olishga muvaffaq bo’ldi. Bundan tashqari Rossiya Ukraina uchun tabiiy gaz narxini 30 foiz atrofida tushirishga rozi bo’ldi.

So’nggi oylarda Kiyev gazni ming kubometriga 400 dollardan oshig’iga xarid qilayotgan edi. Putinning aytishicha, bu vaqtincha imtiyozlardir.

Rossiya, shuningdek, Ukraina 15 milliard dollarga yevroobligatsiyalarini sotib oladigan bo’ldi.

Bu o’rtada Kiyevda hukumatga qarshi namoyishlar davom etmoqda. Yanukovichning hukmron Regionlar partiyasi deputatlari kecha bosh vazir Mikola Azarov bilan uchrashib, undan Vazirlar mahkamasini 90 foizga yangilashni talab qilgan.

Prezident namoyishchilarga qarshi kuch ishlatishga buyurgan rasmiylarni lavozimidan olib, vaziyatni yumshatmoqchi. Biroq muxolifat bu choralar yetarli emas deb, bosh vazir Azarovning ham iste’fosini hamda muddatidan erta parlament va prezident saylovlarini o’tkazishni talab qilmoqda.

Muxolifat hukumatni Yevropa Ittifoq bilan yaqinlashishga da’vat etmoqda. Yanukovich Rossiya bilan savdoni kuchaytirishni afzal ko’rib, namoyishlarga turtki berdi.

Rossiya ko’pdan beri Ukrainani Bojxona Ittifoqiga qo’shilishga chaqirib keladi, ammo Putinning aytishicha, Moskvadagi uchrashuv paytida Yanukovich bilan bu masala ko’tarilmagan.