Ukraina sharqida qurollar frontdan olib chiqiladi

  • Amerika Ovozi

Ukraina sharqida hukumat va isyonchilar urush zonasidan qurollarini olib chiqa boshladi. Sentabr boshida imzolangan yangi sulh samara berayotgan ko'rinadi.

Parijda Rossiya, Fransiya va Germaniya rahbarlari bilan uchrashgan Prezident Petro Poroshenko tinchlik muzokaralarini davom ettirish niyatini bildirdi.

"Frontdan artilleriya va tanklarni olib chiqish jarayoni bir oydan oshiq davom etadi. Xalqaro kuzatuvchilar jarayonga bosh-qosh", - dedi Ukraina prezidenti.

Bu orada, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti kuzatuvchilari Lugansk shahrida ilk bor TOS-1 "Buratino" rusumidagi raketa tizimlari paydo bo'lgani haqida ma'lumot ulashdi. Rossiyada yasalgan bu sistema jiddiy talafot yetkazish qudratiga ega, deydi mutaxassislar.

Parijdagi uchrashuvda Ukraina sharqida, separatistlar nazoratidagi hududlarda mahalliy saylovlarni uch oyga kechiktirish borasida ham gaplashib olingan.