BMT rasmiysi Afg'onistonda tinchlik muloqotini kuchaytirishga chaqirdi

  • Amerika Ovozi

BMTning Afg’onistondagi vakili Tolibon va rasmiy Kobul o’rtasida qayta muzokara boshlashga umidlar ortganini olqishladi, ammo buni tomonlarning muloqotda bevosita ishtirokisiz amalga oshirish imkonsiz ekanini ta’kidladi. Mamlakatda zo’ravonliklar davom etayotganiga qaramay, tinchlik o’rnatish imkoniyati hanuz bor, deydi diplomat.

Tolibon Afg’oniston parlamentiga hujum uyushtirishidan bir necha soat o’tib BMT Xavfsizlik kengashi Afg’oniston bo’yicha navbatdagi yig’inini o’tkazdi.

Rasmiylar hujum qilgan yetti jangarining barchasi o’ldirilganini aytmoqda. Qonunchilardan hech biriga zarar yetmagan, lekin kamida boshqa 30 kishi jarohatlangan.

BMT ma’lumotiga ko’ra, shu yilning o’zida hozirgacha Afg’onistonda o'ldirilgan va yaralangan tinch aholi soni 4216 taga yetgan.

BMTning Afg’onistondagi bosh vakili Nikolas Xeysomning Xavfsizlik kengashiga aytishicha, xalqaro kuchlardan xavfsizlik bo’yicha mas’uliyatni o’z zimmasiga olgan milliy armiya hanuz sinov bosqichidan o’tmoqda.

“Afg’onistonning shimoliy qo’shnilaridan va boshqa joylardan kelgan xorijiy jangarilar, ayniqsa, jiddiy muammo. “IShID”ning mamlakat ichida o’z guruhlarini ochishga urinayotgani ham xavotirlanarli”, - deydi u.

Heysomga ko'ra, ushbu tahdidlarni bartaraf etishda mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish muhim.

Xavfsizlikka doir mavjud muammolarga qaramay, mojaroga tinch yechim topishga umidlar oshgan, deydi BMT vakili. U may oyida Qatarda o’tgan konferensiyani muhim qadam deya baholab, shundan beri unga o'xshash bir qator uchrashuvlar o’tkazilganini, xususan, o’tgan hafta Norvegiya poytaxti Osloda yana bir muloqot tashkil etilganini tilga oldi.

Heysomning aytishicha, Kobul Tolibon bilan muloqotga tayyor ekanini har doim aytib keladi, ammo jangarilar bu borada aniq xohish bildirmayapti.

BMT vakili fikricha, uzoq muddatli tinchlikka erishish muhim zarurat va unga erishish yo’lida tashlangan qadamlarning muvaffaqiyatsiz yakunlanishidan hech bir tomon manfaatdor emas.

Afg’onistonning BMTdagi elchisi Zohir Tanin ham yangi hukumat tinchlik jarayonini qayta jonlantirish niyatida ekanini aytadi.