BMT qo'mitasi Rossiyani inson huquqlarini buzayotganlikda aybladi

  • Amerika Ovozi

Moskva, 18-mart, 2105

BMTning Inson huquqlari qo'mitasi ma'lumotiga ko'ra, Rossiya o'z hududida hamda Ukrainadan tortib olingan Qrim yarimoroli va Donbass viloyatida fuqaro erkinliklarini toptamoqda.

Qo'mita hisobotida Kreml Donetskdagi isyonchilar ustidan ta'sir kuchiga ega ekani aytiladi. Mintaqada BMTning fuqarolik va inson huquqlari bo'yicha konvensiyasi shartlari bajarilishi uchun Rossiya zarur choralarni ko'rishi kerak, deya undaydi qo'mita.

Shuningdek, Qrim yarimorolida tatarlar huquqlari poymol etilayotgani xavotir bilan tilga olinadi.

Bulardan tashqari, Chechenistonda yuz bergan inson huquqlari buzilishi holatlari yuzasdan Moskva jiddiy tekshiruv o'tkazmayapti, deyiladi hisobotda. Kavkaz mintaqasidagi bu avtonom respublikada hukumat kuchlari tomonidan noqonuniy odam o'g'irlash, qiynoqqa solish hamda o'ldirish kabi jinoyatlar tez-tez sodir bo'lishi aytiladi.

Rossiyada so'z erkinligi va erkin yig'ilish huquqlarini poymol etuvchi qonunlarning mavjudligi ham tanqid qilingan.

Namoyishchilarning politsiya tomonidan kuch bilan tarqatilishi, majburiy hibsga olishlar hamda siyosiy muxolifat vakillariga og'ir jazo choralarining belgilanishi mamlakatda siyosiy maydonning torayishiga sabab bo'lgan.