Urush Suriyaga shu kungacha 200 milliard dollarga tushdi

  • Amerika Ovozi

Suriyaning Halab shahri, 3-mart, 2015-yil

BMT yordamida tayyorlangan so'nggi hisobotga ko'ra, Suriyada to'rt yildan beri davom etayotgan fuqarolar urushi mamlakat iqtisodiyoti va jamiyat rivojiga keskin salbiy ta'sir qildi. Hujjatda aytilishicha, mojaro Suriyaga 202 milliard dollarlik zarar keltirdi, aholining turmush darajasi keskin pasaydi, qashshoqlik kuchaydi.

Fuqarolar urushi 2011-yilda boshlanganida ishsizlik 15 foiz atrofida edi, o'tgan yil oxiriga borib esa 58 foizga ko'tarildi. Bu degani to'rt million suriyalik ishsiz. Mamlakatda 21 million odamdan 17,5 millioni qoldi.

"2014-yilda har besh suriyalikning to'rt nafari qashshoq ekani aniqlandi", deyiladi hisobotda.

To'rt yil o'tib ham mojaroning cheki ko'rinmaydi, unga siyosiy yechim topilgani yo'q. 222 ming odam qirildi, 3,8 million suriyalik mamlakatdan qochib, qo'shni davlatlarda jon saqlamoqda, yana 6,8 millioni esa Suriya ichida boshqa joyga ko'chishga majbur bo'ldi.

Ayniqsa mojaroning suriyalik bolalarga salbiy ta'siri kuchli bo'lgani qayd etiladi. Ularning yarmi maktabga bormay qo'ygan, ko'plari uch yildan beri ta'lim olish imkoniyatidan mahrum. BMTning dekabr oyida bildirishicha, Suriyada maktablarning 25 foizi, kasalxonalarning yarmi zarar ko'rgan yoki butunlay vayron bo'lgan.

"O'rtacha umr davomiyligi salkam 76 yoshdan 55,7 yoshga tushgan", deyiladi hisobotda.