Tolibon BMT minbaridan so'zlashga ruxsat so'radi

  • Amerika Ovozi

Tolibon rahbariyati harakat so’zlovchisi Suhayl Shahinning BMT Bosh Assambleyasining shu kunlarda Nyu-Yorkda o’tayotgan yillik sessiyasida ma’ruza qilishiga imkoniyat so’radi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 23-sentabr, 2021-yil

BMT Tolibon iltimosini ko’rib chiqishga va’da berdi, biroq bu yilgi sessiyada Tolibon vakilining jahon hamjamiyatiga BMT minbaridan murojaat qilishi dargumon.

Yaqinda “Amerika Ovozi”ga intervyu bergan Shahinning aytishicha, Tolibon va AQSh urushda bir-biriga dushman bo’ldi, ammo hozir vaziyat o’zgarishi mumkin.

“Yangi bobda turibmiz. Yangi sahifa ochmoqchimiz, ammo bu AQShga ham bog’liq. Ular Afg’onistonga kelib, mamlakatni qayta qurishda, qashshoqlikka barham berishda, ta’lim, infratuzilma kabi sohalarda yordam berishlari mumkin. Sarmoya qilishni istasalar ham, yo’q demaymiz”, - dedi Shahin.

Afg’onistonning iyul oyida sobiq prezident Ashraf G’ani tomonidan BMTga tayinlangan elchisi G’ulom Isakzoy ijtimoiy sahifalarda Tolibonga qarshi gapirishda davom etmoqda.

AQSh Prezidenti Jo Bayden Bosh Assambleyadagi nutqida afg’on mavzusini tilga oldi.

"Afg’onistonda 20 yillik mojaroga chek qo’ydik. Tinimsiz urush davri tugab, tinimsiz diplomatiya davri boshlanmoqda. Demokratiyani yangilash va himoya qilish, dunyo bo’ylab odamlar hayotini yaxshilashning yangicha yo’llariga iqtisodiy taraqqiyot qudrati orqali sarmoya qilish davri”, - dedi Bayden.

Qatar amiri Tolibonni yakkalamaslikka chaqirdi.

"Xalqaro hamjamiyatning hozirgi muhim bosqichda Afg’onistonga yordam berishda davom etishi, siyosiy qarama-qarshiliklarni gumanitar yordamdan ajratish muhim ekanini urg’ulaymiz. Tolibon bilan muloqotni davom ettirish ahamiyatiga ham e’tibor qaratamiz, chunki boykot qutblashish va qarshilikka yetaklaydi. Muloqot esa ijobiy natijalar berishi mumkin”, - dedi Shayx Tamim bin Hamad al-Taniy.

BMTning afg’on ayollari mavzusida o’tgan forumida YUNISEF ijrochi direktori Tolibon rahbariyatiga murojaat qildi.

"Afg’onistonda o’g’il bolalar va qizlarning ta’lim olish va hunar o’rganishda huquqlarining teng bo’lishi muhim. Ko’p qizlar maktabga qaytmasligidan xavotirdamiz”, - dedi Genriyetta For.

Tolibonga ko’ra, ulamo qizlarning shariat asosida o’qishini belgilaydi. O’g’il bolalar shu hafta maktabga qaytmoqda, biroq o’quvchi qizlar va muallimalarga hozircha ruxsat berilgani yo’q.