Afg’onistondagi otishmada mahalliy, xorijiy askarlar o’lgan

  • Amerika Ovozi

Bir kun oldin AQSh Mudofaa vaziri Chak Xeygelning tashrifi paytida ham Kobul va Xost viloyatida suiqasd xurujlari ro’y berib, 19 odam halok bo’lgan.

NATO rasmiylarining aytishicha, Afg’oniston sharqidagi hujumda bir necha mahalliy va xorijiy askar halok bo’lgan. Vardak viloyatidagi bu hamla afg’on politsiyachisining ishi ekani taxmin qilinmoqda.

O'lganlardan ikki nafari Amerika harbiylari. Yana bir necha amerikalik zobit jarohatlangan. Afg'on politsiyasi formasidagi odam o't ochgani aytilmoqda.

Shuningdek, Kobul yaqinida AQSh zobitlari ikki afg'onni otib o'ldirgan. Ular buyruqqa qaramasdan, mashinasini to'xtatmagan va shu bois o't ochishga majbur bo'ldik, deydi amerikalik soldatlar.

Bir kun oldin AQSh Mudofaa vaziri Chak Xeygelning tashrifi paytida ham Kobul va Xost viloyatida suiqasd xurujlari ro’y berib, 19 odam halok bo’lgan.

Xeygel poytaxtda rasmiylar bilan ko’rishayotganda Mudofaa vazirligi nishonga olindi. Shu bois AQSh rasmiysining yakshanba kuni prezident Hamid Karzay bilan rejalangan matbuot anjumani qoldirildi.

Bu orada, Afg’oniston prezidenti Hamid Karzay shanba kungi portlash ketidan qilgan chiqishida Tolibonni Amerika manfaatlariga xizmat qilayotganlikda ayblagan.

Xurujlarni amalga oshirib, mahalliy aholini vahimaga solib, xalqaro qo’shinlar 2014-yildan keyin ham mamlakatda qolishi kerak degan fikrga turtki berayapsiz, dedi Karzay.

Chak Xeygelning aytishicha esa u afg’on rahbari bilan suhbatda Qo’shma Shtatlar toliblar bilan alohida muzokara qilayotgani yo’q, deya ishontirgan. Tinchlik va siyosiy murosa haqidagi muloqotga faqat afg’onlar bosh bo’lishi lozim, deydi Amerika mudofaa vaziri.

Afg’oniston va AQSh rasmiylari mahalliy qamoqxonalar ustidan nazorat va koalitsiyani olib chiqish sur’ati borasida ham tortishib keladi.

Poytaxt yaqinidagi Parvan qamog’iga doir muzokaralar natijasiz tugagach, inshootni to’liq mahalliy kuchlarga topshirishga doir shanba kunga belgilangan marosim bekor qilingan. Hozir Parvan afg’on ma’muriyati qo’lida, lekin Amerika kimni ozod qilish yoki qilmaslik qaroriga veto qo’yishi mumkin.