Afrika - imkoniyatlar makoni, deydi Xillari Klinton

  • Amerika Ovozi

"Xorij sarmoyasi unumi, samarasi jihatidan Afrika eng ilg’or region".

Qo’shma Shtatlar kambag’allik, korrupsiya, ektstremizm va siyosiy tanazzulga botgan Afrikaga nisbatan yangi strategiyani e’lon qildi.

Unda mintaqani iqtisodiy jihatdan yetuk hududga aylantirish, demokratiya, iqtisodiyot, xavfsizlik va savdo bilan bog’liq ahvolni yaxshilash haqida so’z boradi.

“Xalqaro xavfsizlik va farovonlik aynan Afrika tinchligi hamda rivojiga bevosita bog’liq”, - deydi prezident Barak Obama.

Demokratik islohotlarga to’sqinlik qilgan rahbarlar esa savolga tutiladi. Qonunan saylangan arboblar tahqirlanishiga yo’l qo’yilmaydi.

Amerika tomoni mintaqa jahon bozoriga chiqishiga ko’maklashadi; AQSh kompaniyalari Afrikaga ko’proq sarmoya kiritadi.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klintonning aytishicha, xorij sarmoyasi unumi, samarasi jihatidan Afrika eng ilg’or region.

“Mintaqada bu yil iqtisodiy o’sish yanada jadallashishi kutilmoqda”, - deydi u. “Qo’shma Shtatlar yirik imkoniyatlar davlati deya ko’krak kerib kelganmiz. XXI-asrda Afrika – undanda katta imkoniyatlar makonidir”, - dedi Klinton.

Yangi strategiya, xususan, Keniya, Fil Suyagi sohilida siyosiy tanazzulni tugatish, Sudanda tinchlikni ta’minlash, Somalida barqarorlikni qo’llab-quvvatlash kabilarni ko’zda tutadi.