Osiyo ham muhim, deydi Yaqin Sharqqa tez-tez qatnayotgan Kerri

  • Amerika Ovozi
Qo’shma Shtatlar bundan buyon Osiyoga katta e’tibor qaratishi haqida ko’p eshitganmiz. Davlat kotibi Jon Kerri yaqinda mintaqaga safari chog’ida ittifoqchilarni bunga yana bir bor ishontirdi.

Your browser doesn’t support HTML5

Osiyo ham muhim, deydi Yaqin Sharqqa tez-tez qatnayotgan Kerri/Shohruh Hamro


“Osiyo tomon og’ish” siyosati nimani anglatadi va shu kungacha qanday qadamlar tashlandi?

AQSh Iroq va Afg’onistondagi harbiy qo’shinlarini Osiyo-Tinch okeani mintaqasiga ko’chirishni boshlagan.

Bu regionda mahkam o’rnashib olish uchun ham diplomatik, ham tijoriy resurslarni ishga solish rejada, deydi davlat kotibi Jon Kerri.

“Qo’shma Shtatlar Osiyo-Tinch okeanida faollikni oshirishga bel bog’lagan va buni prioritet deb bilamiz. Ittifoqchilar bilan mushtarak maqsadlarga erishish uchun, prezident ko’rsatmasiga binoan barcha diplomatik, iqtisodiy va harbiy resurslarni shu hududga yo’naltiryapmiz”.

Amerika Biznes Institutidan Maykl Oslin tahlilicha, mushtarak maqsadlar deganda nima nazarda tutilayotgani aniq emas.

“Obama ma’muriyati nima uchun Osiyoga e’tiborni oshirayotganini tushuntirib bera olgani yo’q. G’oya yaxshi, lekin bu qaror ortidagi sabablarni xalqqa yaxshilab tushuntirib berish kerak”.

Yangi strategiya sobiq davlat kotibi Xillari Klinton davrida ishlab chiqilgan, ammo konkret ishlar ko’zga tashlanmayapti, deydi tahlilchi Dog Bandou.

“Osiyoga doir yangi siyosat ko’p jihatdan Klintonning tashabbusi edi. Bugungi bosh diplomat Jon Kerri ko’proq Yaqin Sharqdagi muammolar bilan band. Falastin va Isroilni muzokaraga ko’ndirish uchun ko’p sa’y-harakatlar qildi”, - deydi u.

Diplomatlarga ko’ra Osiyo ham kun tartibidagi bosh masalalardan. Strategiyamiz Xitoyga qarshi qaratilgani haqidagi da’volar asossiz, deydi Jon Kerri.

Pekin Vashingtonni Xitoy dengizidagi orollar yuzasidan hududiy tortishuvlarga aralashayotganlikda ayblaydi. AQShning da’vosi shuki, Xitoy regionda o’z hukmronligini o’rnatish uchun tobora agressiv harakatlarga o’tgan.

“AQSh faktlarga ko’z yumib, bizga qarshi asossiz ayblovlar bilan chiqishi mas’uliyatsizlik”, - deya javob beradi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi rasmiysi Xong Ley.

Vashington, ayniqsa, Xitoy va Yaponiya o’rtasidagi hududiy bahsga tortilishi tashvish uyg’otadi. Professor Lu Gudman AQSh o’z pozitsiyasiga aniqlik kiritishi kerak degan fikrda.

“Xitoy va Yaponiyadagi ichki siyosat nizo yanada alanga olishi uchun xizmat qilayapti”.

Siyosatshunos Maykl Oslinning aytishicha, ittifoqchilar AQShdan nima kutayotganini ham hisobga olmoq zarur.

“AQSh bilan nafaqat harbiy sohadagi hamkorlikka umid bog’lagan, balki bizdan innovatsion yondashuv kutgan, regionga demokratik g’oyalarni olib kirishda faolroq bo’lishimizni kutgan sheriklarimiz bor”.

Davlat kotibi Jon Kerrining ta’kidlashicha, Qo’shma Shtatlar ASEAN singari mintaqaviy tashkilotlar bilan yaqindan ishlaydi. Unga 10 davlat a’zo, ammo Xitoy kirmaydi.