​Respublikachilar: Bergdalning ozod qilinishi tahdidni oshiradi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh Vakillar palatasi spikeri Jon Beyner fikricha, Obama ma’muriyati besh nafar Tolibon a’zosini bitta amerikalik askarga almashib amerikaliklar hayotini xavf ostiga qo'ydi.

10-iyun kuni Vakillar palatasining boshqa a’zolari bilan jurnalistlar oldida so’zlagan Beyner “AQSh bu ayirboshlash uchun hali haq to’laydi” deya ogohlantirdi va “bunday qadam natijasida odamlar qurbon bo’lishiga shubham yo’q”, deb aytdi.

Beyner, shuningdek, respublikachilar serjant Bou Bergdalning qariyb besh yillik asirlikdan so’ng vataniga qaytganidan xursandligini aytadi. Ammo qonunchilar kelishuv haqida ogohlantirilishi kerak edi, dedi.

Obama ma’muriyati rasmiylari esa o’z qarorini himoya qilar ekan, Bergdal hayoti xavf ostida bo’lgani va kutishning iloji bo’lmaganini ta’kidlamoqda.

Vakillar palatasining dushanba kungi yopiq yig’inida ikkala partiya a’zolari oldida Oq uy rasmiysi Bergdal ishi yuzasidan hisobot berdi.

Respublikachilar Oq uyning 90 a’zosi Bergdalni ozod etish rejasidan xabardor bo’lgani, ammo Kongress a’zolariga bu haqda ma’lum qilinmaganidan norozilik bildirdi.

Kaliforniyadan respublikachi Dana Rorabaker prezidentni Kongressni “mensimaganlik”da ayblab, buning uchun “u suvdan quruq chiqmaydi”, deb aytdi.

Bergdal evaziga Tolibon harakatining Guantanamo hibsxonasida saqlanayotgan besh a’zosi Qatarga topshirilgan edi.

AQSh qonunchiligiga ko’ra, prezident Guantanamo asirini ozod etishdan 30 kun oldin Kongressga bu haqda ma’lum qilishi kerak. Bergdal ishida Oq uy bunday qilmagan.

Mudofaa vaziri Chak Xeygl masala yuzasidan Vakillar palatasining Qurolli xizmatlar qo’mitasida ko’rsatma beradi.

Senatning Qurolli xizmatlar qo’mitasi Bergdal ishini seshanba kuni ko’rib chiqdi. Yig’inda mudofaa vaziri muovini Robert Uork va boshqa rasmiylar ko’rsatma berdi.

Tolibon changalidan ozod etilgan askar