AQSh Suriya shimoli-sharqida yangi baza qurmoqda

  • Amerika Ovozi

Suriya matbuotiga ko’ra, Qo’shma Shtatlar Suriya shimoli-sharqida yangi harbiy baza qurishni boshlagan. Qurilishning Xasaka shahrida ketayotgani aytiladi. “Amerika Ovozi”ning o’rganishicha, AQShning shahar tashqarisida yana bitta bazasi bor, biroq yangisi shahar markaziga tushirilmoqda.

Xasakada yashovchi jurnalist Jindar Berekatning aytishicha, ayni paytda imorat uzra Amerika bayrog’i hilpiramoqda.

“Bazada qancha askar joylashishi noma’lum, ammo ularning zirhli harbiy avtomobillarini ko’rsa bo’ladi; qurilish bitmagan hali”, - deydi u.

Bu bungacha kurdlarning Suriya demokratik kuchlari jangchilari joylashgan edi. SDK AQSh bilan hamkorlikda “Islomiy davlat” jangari to’dasiga qarshi kurashmoqda.

Baza Daish mahbuslari o’tirgan katta qamoqxona yonida joylashgan. Qamoqxonada salkam 2000 jihodchi va ularga aloqador 12 ming ayol va bola bor.

Xasaka shahrini, asosan, suriyalik kurd jangchilari nazorat qiladi, biroq Suriya hukumati va Rossiyaning ham ko’p sonli qo’shinlari harakatlanadi.

Kurd qo’mondonlaridan birining aytishicha, yangi bazaning qurilishi amerikalik askarlarni ko’chirish strategiyasining bir qismi doirasida amalga oshirilayotgan bo’lishi mumkin.

AQSh Mudofaa vazirligi rasmiylari bu xabarlarni izohlagani yo’q.

So’nggi paytda kurdlar ko’pchilikni tashkil etuvchi bu mintaqada AQSh va Rossiya harbiylari o’rtasida ziddiyatlar kuchaymoqda.

AQSh qo’shinlari rus harbiy karvonlarini nazorat punktlaridan o’tkazmasdan Suriya shimoli-sharqini patrul qilishiga bir necha bor to’siq qo’ygan.
Yana bir mahalliy jurnalist Alav Husaynning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, AQSh rus qo’shinlari faoliyatini kuzatish uchun Hasakada harbiy baza qurayotgan bo’lishi mumkin.

Ayni damda hududda Amerikaning taxminan 500 askari bo’lib, ular neft konlarini “Islomiy davlat” jangarilaridan qo’riqlamoqda.

O’tgan oy AQSh qo’shinlari Suriyaning shimoldagi Halab shahrini Iroq chegarasiga ulovchi M4 trassasi bo’yidagi harbiy bazasini kengaytirgan.