Har yili yuzlab odam AQShdan Kanadaga noqonuniy o'tadi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

AQShning Shimoliy Dakota va Minnesota shtatlarini tutashtirgan Qizil daryoning narigi tomoni - Kanada. Chegarada Emerson degan shaharcha bor. O’tgan yillar ichida bir qancha odam AQShdan noqonuniy ravishda Kanadaga o’tib, shu shaharda boshpana so’ragan.

Kanada va Qo’shma Shtatlar orasida devor yoki to’siqlar yo’q. Ikki mamlakatni o’rmonzor va dashtlik ajratib turadi.

AQSh Kanadaning Emerson shahri bilan chegaradosh, u yerda atigi 600 odam yashaydi. Ayrimlar yaylov orqali Emersonga noqonuniy kirib boradi, boshqalar temir yo’ldan yurib kiradi. Qizil daryo orqali Kanadaga suzib kiradiganlar ham bor.

Qo’shma Shtatlardan Emersonga borishda eng katta tabiiy to’siq bu - ob-havo.

“Oxirgi yillarda kuzatishimizcha, Kanadaga noqonuniy bormoqchi bo’lganlar izg’irin paytni tanlaydi. Shimoliy Dakotada minus 40 gradusgacha sovuq bo’lishi mumkin. Gipotermiya, muzlab qolish holatlari uchraydi”, - deydi chegarachi Aron Haytki.

Kanada politsiyasi ma’lumotiga ko’ra, 2017-yilda taxminan 1000 kishi Emersonga noqonuniy kirgan. Ammo 2018-yilda bu raqam 50 foizga kamaygan.

“Ularni sovuqdan qutqargandan keyin, Kanada chegarasini noqonuniy kesib o’tgani uchun hibsga olamiz”, - deydi serjant Kori Meyers.

Politsiya boshpana so’rayotganlarni Chegara xizmatiga topshiradi. So’ngra ular Manitoba provinsiyasi poytaxti Vinnipeg shahriga ko’chiriladi. Manitoba dinlararo immigratsiya kengashi degan tashkilot yangi kelganlarni vaqtincha joylashtirishda ko’maklashadi.

Shundaylardan biri Isak Magoya, asli Somalidan. Qo’shma Shtatlarda deportatsiya bilan yuzlashgach, Vinnipeg shahriga yo’l olgan. Kengash unga yordam qo’lini cho’zdi. Ammo Magoyaning oilasi hamon Amerikada.

“Kelganimda menga yeb-ichishga pul berishdi, ijarani qoplashdi. Ishlashim uchun ruxsatnoma olishda ko’maklashishdi. Keyinchalik haydovchilik guvohnomasini ham oldim. Hozir qattiq mehnat qilayapman, jon deb ishlayman. Lekin oilamni ham olib kelishim kerak”, - deydi muhojir.

Vinnipeg shahrida 700 ming aholi yashaydi, shundan 17 mingi somaliliklar. Jami Kanadada 65 ming somalilik bor. Manitobaning sovuq iqlimi ularning vatanidagi ob-havodan keskin farq qilsa-da, Kanadadagi erkinlik va imkoniyatlar sharqiy afrikaliklarni katta sonda jalb qiladi.