AQSh-Xitoy yadroviy shartnomasi Kongress muhokamasida

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh-Xitoy: Yadroviy hamkorlik

AQSh va Xitoy o’rtasida yadroviy sohada hamkorlik shartnomasini yangilash vaqti yetgan.

Your browser doesn’t support HTML5

AQS-Xitoy yadroviy hamkorligi - Shohruh Hamro

Bu hujjat asosida dunyoning ikki eng qudratli mamlakati texnologiya almashadi, Xitoy Amerikada loyihalangan reaktorlar sotib oladi. Hozir Kongressda bu masala muhokamada. Ayrim qonunchilar yangi bitimga o’zgartirishlar kiritishni talab qilayapti.

Obama ma’muriyati rasmiylari Xitoy bilan energetika, jumladan yadroviy energiya sohasidagi hamkorlikdan AQSh manfaatdor ekanini aytadi.

“Shartnomaning strategik, qurollarni ko’paytirmaslikka qaratilgan, shuningdek, iqtisodiy va ekologik bandlari borki, Xitoy bilan yadroviy hamkorlik davom etishi zarur,” - deydi Davlat departamenti rasmiysi Tomas Kantrimen.

Yangi hujjatga muvofiq Xitoy AQShdan qo’shimcha atom reaktorlari va yadroviy texnologiya sotib olish huquqiga ega bo’ladi. Ular yordamida Xitoy, masalan, ishlatilgan yoqilg’idan qolgan plutoniy moddasini qayta ishlab chiqara oladi. Suvosti kemalarini sokinroq va radar ilg’amaydigan qilishi ham mumkin.

1985-yilda imzolangan bitimni qayta ko’rib chiqish kerak, deydi qonunchilar. Toki Xitoy AQSh texnologiyasini harbiy maqsadda qo’llamasin va boshqa davlatga sotmasin.

“Xitoy 30 yillik kelishuvga to’la amal qilmayotgani yuzasidan xavotirlar bor. Shu bois uni yangilayotganda tuzatishlar kiritilishi, shartlar qo’yilishi mumkin,” - deydi Tenesi shtatidan respublikachi senator Bob Korker.

Xususiy tadbirkorlar ustidan nazorat sustligi muammolardan biridir.

“Xitoy bilan biznes qilayotgan tadbirkorlar jiddiy tashvishga sabab bo’lyapti. Ularni nazorat qilish, qoidalarga rioya qilishini ta’minlash Xitoy hukumati zimmasida,” - deydi Jorjiya shtatidan Senatning demokrat a'zosi Devid Perdyu.

AQSh Energetika vazirligi vakiliga ko’ra, yangi bitim loyihasiga yadroviy qurollarning ko’paymasligini kafolatlaydigan bandlar kiritilgan.

“Unga binoan, ham AQSh, ham Xitoy shirkatlari eksport nazorati bo’yicha treninglardan o’tishi shart,” - deydi vazirlik rasmiysi Frank Klots.

Shartnoma muddatini uzaytirmaslik, deydi ekspertlar, AQSh kompaniyalarini muhim bozordan ayiradi, atom sanoati zarar ko’radi.