Pekinda AQSh-Xitoy yillik muloqoti boshlandi. Inson huquqlari muhokamada

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton yillik AQSh-Xitoy Strategik va iqtisodiy muloqotining ochilishida so'zlamoqda, Pekin 3-may, 2012-yil

Har yili o'tkaziladigan AQSh-Xitoy Strategik va iqtisodiy muloqotining ochilishida Davlat kotibasi Xillari Klinton so'zlab, rasmiy Pekinni inson huquqlarini e'zozlashga chaqirdi.

"Ikki tomonlama muloqot doirasida inson huquqlari va asosiy erkinliklarni ta'minlash muhimligi haqida gapiryapmiz. Har bir davlat o'z fuqarolari huquqini himoya qilishi, qonun ustuvorligini ta'minlashi zarur", - dedi Klinton.

AQSh davlat kotibi bir necha kun burun Pekindagi uy qamog'idan qochib, Amerika elchixonasida yashiringan ko'zi ojiz dissident Chen Guanchen masalasini ko'tarmadi. Ikki tomon muzokarasi natijasida Xitoy faolga ozor bermaslikka va oilasi bag'riga qaytishiga so'z bergach, u elchixonadan ketgan.

Biroq bir necha soat o'tgach, Chen uning oilasiga do'q-po'pisalar bo'lganini aytib, AQShdan vatanini tark etishda yordam so'ramoqda.

Yillik muloqotni ochgan Xitoy prezidenti Xu Sintao ham dissidentni tilga olmadi, ammo "davlatlar bir-birining siyosatiga qo'shilmasa-da, uni hurmat qilishni o'rganishi kerak" deya bu ishga ishora qildi.

Kongressmen Kristofer Smitning aytishicha, agar Xitoy Chenning xavfsizligini kafolatlamasa, Qo'shma Shtatlar muloqotni boykot qilishi kerak.