Los-Anjeles Xitoy sarmoyalari kamayganini o'tkir his qilmoqda

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 31-oktabr, 2019-yil - Los-Anjeles Xitoy sarmoyalari kamayganini o'tkir his qilmoqda

Xitoyning AQShga to’g’ridan-to’g’ri sarmoyasi so’nggi uch yilda 80 foizga kamaygan. Asosan ko’chmas mulk va mehmonxona sektorlariga sarmoyalar qisqargan. Xitoylik investorlar Nyu-York, Chikago, San-Fransisko, Los-Anjeles kabi yirik shaharlarda ortiq ko’chmas mulk xarid qilmayapti.

“Amerika Ovozi” ko’p xitoyliklar yashovchi Los-Anjeles shahridagi vaziyatni o’rgandi.

Los-Anjeles markazidagi osmono’par binolarni masofadan turib tomosha qilarkansiz, bir narsaga ortiq ko’zingiz tushmaydi.

“Bu yerda xitoylik sarmoyadorlar loyihalariga xizmat qiluvchi kranlarni ortiq ko’rmaysiz. Moliya muammolari sabab ayrim qurilishlar chala qolgan”, - deydi Los-Anjeles Jahon savdo markazi prezidenti Stiven Chun.

Bir milliard dollarlik “Oceanwide Plaza” majmuasining qurilishi bunga bir misol. Qurilish ishlari yanvar oyida to’xtab qolgan. Majmua o’z ichiga ko’p qavatli uylar, mehmonxona va ijara uchun ofislarni olishi rejalangan edi.

“Odamlarning majmuaga yashash uchun ko’chib kirishidan, do’konlardagi savdo-sotiqdan tushadigan daromadni hali beri ko’rmaymiz endi”, - deydi Chun.

Bu AQSh va Xitoy savdo urushining salbiy oqibatlaridan biri. 2016-yil ikki mamlakat o’rtasida to’g’ridan-to’g’ri sarmoya bobida rekord davr bo’lib, sarmoya umumiy hajmi 60 milliard dollarga yetgan edi. Biroq shundan keyin sarmoyalar qisqara boshladi.

Ayrimlar Xitoy pul-kredit siyosatidagi o’zgarishlarni bunga sabab deb biladi.

“Kompaniyalar Xitoydan pulni bemalol chiqarib turardi. So’ng hukumat bunga cheklov qo’ydi”, - deydi yurist Deyl Goldsmit.

AQSh hukumatiga qarashli Amerikada xorijiy sarmoyalar qo’mitasining tekshiruvlari ham sarmoyalarning tushishiga sabab bo’ldi. Natijada xitoylik sarmoyadorlar qiymati 2,5 milliard dollardan oshiq AQShdagi loyihalardan voz kechishga majbur bo’ldi.

AQSh iqtisodiyotining kuchaygani yana bir omil, deydi Goldsmit.

“Dollar kuchayishi ketidan xitoyliklar sarmoya qilishida ma’no qolmadi. Bundan tashqari, qurilish xarajatlari ham oshib ketdi”, - deydi u.

AQSh va Xitoy savdo urushining keti ko’rinmayapti. Bu esa sarmoya muhitiga salbiy ta’sir qilmoqda.

“Xitoydan yangi sarmoya loyihalarining keskin kamayganiga yana bir sabab savdo urushi qachon tugashining mavhumligi. Vaziyat keskinlashgani sari Xitoy kompaniyalari AQShga sarmoya qilishga ikkilanyapti”, - deydi Stiven Chun.

Yuqori tariflar Xitoyda ishlayotgan xorijiy kompaniyalarni ishlab chiqarishni boshqa mamlakatlarga, Janubi-sharqiy Osiyoga ko’chirishga majbur qilmoqda. Bu esa o’sha mamlakatlar iqtisodiyotiga foyda bo’lmoqda.

Mintaqadagi ayrim davlatlar savdo urushi oqibatlaridan ko’rilgan zararni qoplash uchun o’zlari to’g’ridan-to’g’ri sarmoya qilishga o’tgan.

“Ayniqsa Vyetnam va Indoneziya so’nggi yillarda yangi bozorlarni qidirmoqda”, - deydi Chun.

Vashington va Pekin o’rtasidagi iqtisodiy ziddiyatlarga yechim topilmas ekan, Los-Anjeles va AQShning shunga o’xshash boshqa yirik shaharlari sarmoyalarni boshqa joylardan jalb qilishga majbur.