AQSh koronavirusga qarshi kurashda dunyoga yordam bermoqchi

  • Amerika Ovozi

Bayden ma’muriyati aprel oxirigacha 200 million amerikalikning koronavirusdan emlanishiga umid qilmoqda. Qo’shma Shtatlar, shuningdek, boshqa mamlakatlarga ham vaksina olishda yordam bermoqchi. Shu maqsadda Oq uyda COVID-19 muvofiqlashtiruvchisi lavozimi ta’sis etildi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 7-aprel, 2021-yil

Prezident Jo Baydenning bildirishicha, 19-aprelgacha AQShda balog’at yoshiga yetgan barcha odamlar koronavirusdan emlanishi mumkin bo’ladi.

“Hozir kuniga o’rtacha 3 milliondan, haftasiga 20 milliondan oshiq odam emlanmoqda. Amerika vaksinaning 150 million dozasini aholiga taklif etgan, 62 milliondan ziyod odamni to’liq emlagan ilk mamlakat”, - dedi Bayden.

Boshqa davlatlar AQShdan vaksina olishga umid qilarkan, Bayden AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligining sobiq rahbari Geyl Smitni bu ishlarni muvofiqlashtirishga mas’ul etib tayinladi. Smit ortib qolgan vaksinani xorijga xayriya qilish g’oyasini olg’a surgan mutaxassislardan.

"Dunyo Amerika yetakchiligiga o’ta muhtoj va biz bu darajaga yetishimizga ishonchim komil”, - dedi u.

Ayni payda rivojlanayotgan mamlakatlar vaksinani Xitoydan va BMTning vaksina ulashishga qaratilgan KOVAKS (COVAX) tashabbusi doirasida olmoqda. Ekspertlar AQSh vaksina ulashishdan boshqa ishlar bilan ham dunyoga yordam berishi mumkin, deydi.

“Qo’shma Shtatlar vaksina ishlab chiqarishni yo’lga qo’yishda, dunyo bo’ylab vaksina bozorini tartibga solishda va shaffofroq qilishda yordam bera oladi, chunki ayni paytda bozor shaffof emas, tartibsiz va nazoratsiz”, - deydi vashingtonlik tahlilchi Stiven Morrison.

Bayden shu hafta Virjiniya shtatidagi bir cherkov qoshida tashkil etilgan emlanish markazini ko’zdan kechirdi. Oq uy diniy va jamoa yetakchilari yordamida emlanishga shubha bilan qarayotgan odamlarni bu fikridan qaytarishga urinmoqda. Aholining 20 foizi emlanishga salbiy munosabat bildirmoqda.

Ba’zilar esa ehtiyotkorlik choralarini pisand qilmayapti, ko’chalarda ko’p sonda to’planishdan qo’rqmayapti.

“Kuniga 60 mingdan ziyod odamda koronavirus aniqlanmoqda. Yoshlar virus tarqalishiga katta hissa qo’shyapti. Sport musobaqalari, restoranlar, barlarga borayotganlar ham shular”, - deydi Vanderbilt universiteti professori Uilyam Shaffner.

Oq uy bergan ma’lumotga ko’ra, AQShda balog’at yoshiga yetgan aholining taxminan 40 foizi vaksinaning birinchi dozasini olgan, salkam 20 foizi esa to’liq emlangan.