AQSh ebolaga qarshi choralarni kuchaytirdi

  • Amerika Ovozi

G'arbiy Afrikadan uchib kelgan yo'lovchining issig'i o'lchanmoqda

AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi qaroriga ko’ra, ebola tarqalgan Liberiya, Gvineya va Syerra-Leonedan uchib kelayotgan yo’lovchilar kasallikka qarshi choralar ko’rilgan beshta aeroportdan birigagina qo’nishi mumkin.

Nyu-Yorkdagi Jon Kennedi nomli aeroportda 11-oktabrdan boshlab G’arbiy Afrikaning uch davlatidan yetib kelayotgan yo’lovchilar tekshiruvdan o’tkazila boshladi. Endi esa o’xshash choralar Nyu-Jersi shtatidagi Nyuark, Vashingtondagi Dalles, Atlanta shahridagi Xartsfild va Chikagodagi O’Xara aeroportlarida ham joriy etildi.

Ichki xavfsizlik vaziri Je Jonsonning bildirichisha, rasmiylar Amerika xalqini himoya qilish uchun qo’shimcha cheklovlar yoki tekshiruvlarga ehtiyoj bor yoki yo’qligi masalasini muntazam ravishda o’rganib turibdi.

Tekshiruvga AQShga kiritishdan oldin yo’lovchining issig’ini o’lchash kabi choralar kiradi.

G’arbiy Afrikadan AQShga uchib keladigan odamlarning 94 foizi yuqorida aytilgan beshta aeroport orqali AQSh hududiga kirishi aniqlangan.

Avgust boshidan buyon Qo’shma Shtatlarda sakkiz kishining ebola virusiga chalingani qayd etilgan. 8-oktabr kuni Texas kasalxonasida vafot etgan liberiyalik erkak AQSh hududida ebola deya tashhis qo’yilgan birinchi odam bo’ldi. Unga qaragan ikki kasalxona xodimi ham virusni yuqtirgan.

Ommaviy so’rovlarga ko’ra, amerikaliklar ebolani mamlakat yuz tutayotgan 10 ta eng xavfli tahdidlardan biri deb hisoblaydi. Boshqa muhim masalalar sirasiga iqtisod, ishsizlik va immigratsiya kirgan.