AQSh energetika sanoatida nima gaplar? Texasdan lavha

  • Amerika Ovozi
Qo’shma Shtatlarda neft va gaz ishlab chiqarish hajmi oshib bormoqda. Dunyo energetika bozorini yangi texnologiyalar o’zgartiradi, deydi mutaxassislar.

Texasda o’tgan xalqaro forumda muhokama qilingan mavzular bilan tanishsak…

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh energetika sanoatida nima gaplar?/Shohruh Hamro


Amerikaning turli shtatlarida tabiiy gaz qazib olish hajmi kengayayapti. Bu sohada ishlar havas qilishga arziydi.

Ammo energiyaning eng yirik iste’molchisi – transport hanuz neftga tayanadi.

General Motors avtokompaniyasi nazarida uyda o’rnatsa bo’ladigan gaz shoxobchalarini ishlab chiqarish kerak.

“Talab bo’lsa, bunday mahsulotni taklif eta olamiz”, - deydi kompaniya rahbari Daniel Akerson.

Lekin, deya qo’shadi u, muqobil energiya zapravkalarini ko’paytirish, ko’p jihatdan, AQSh hukumatining o’ziga bog’liq.

“Hukumat imtiyozlar bilan siylasa, zarur infrastrukturani yaratish vazifasini xususiy kompaniyalar eplay oladi. Lekin bunday qarorlar bizning qo’limizda emas. Yangi loyihalar boshlash uchun hukumat quvvatlovi kerak”, - deydi Akerson.

Ayni paytda tabiiy gazda yuradigan avtomobillar shunchalik qimmatki, Amerika Neft instituti iqtisodchisi Jon Felmi fikricha, islohotni tijoriy yuk mashinalaridan boshlagan ma’qul.

“Individual xaridorlar, albatta, arzonroq mashinani tanlaydi. Hozirgi narxda gazda yuradigan mashinalar o’zini qoplashi qiyin. Lekin yuk tashiydigan kompaniyalar bilan kelishib, o’zgarish qilsa bo’ladi”, - deydi mutaxassis.

Felmining aytishicha, suyuqlashtirilgan gaz eksporti oshirilsa, bu ishlab chiqarishni kengaytirishga ham turtki bergan bo’lardi.

“Bugungi kunda ko’plab kompaniyalar yangi gaz konlarini qidirish bilan ovora. Gaz nisbatan arzon bo’lgani uchun ishlab chiqarishni kengaytirishdan uncha foyda ko’rmaydi ular”.

Suyuqlashtirilgan gaz eksporti bilan byudjet kamomadini kamaytirish, ish joylari yaratish mumkin. Ichki bozordagi narx-navo uncha o’zgarmaydi.

Xyustondagi xalqaro forumda rossiyalik tadbirkorlar ham qatnashdi. Kriogenmash kompaniyasidan Mixail Smirnov AQShga maxsus gaz agregatlarini sotish niyatida.

“Bizning apparatlar aholiga gaz sotadigan xususiy firmalar sonini oshirishga imkon beradi. Gazni kichik miqdorda suyuqlashtirib beradigan texnologiyalarimiz bor”, - deydi biznesmen.

Ko’plab mamlakatlardan energetika mutasaddilari tadbirga yangi kashfiyotlar bilan tanishish uchun kelgan.

Bizning maqsadimiz qashshoqlikka qarshi kurashish, deydi Arsenio Mabote, Mozambik Neft instituti rahbari.

“Bu texnologiyalar aholini elektr bilan ta’minlaydi, ishlab chiqarish oshadi. Taraqqiyot kaliti shunda”, - deydi u.

Ekspertlarga ko’ra, kelajakda talabni qondirish uchun energiya manbalari xilma-xil bo’lgani yaxshi. Neft, gaz, ko’mir qatorida alternativ energiya sanoati ham ko’proq sarmoya talab qiladi.