Ferguson ahli adolat talab qilmoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh Adliya vaziri Erik Xolder Missuri shtatining Ferguson shahridagi asosan qora tanli jamoa yetakchilari bilan uchrashdi. Bu shaharda 9-avgust kuni Maykl Braun ismli qurolsiz o’smir oq tanli politsiyachi tomonidan otib o’ldirilgan edi. Shundan so’ng u yerda qonli to’qnashuvlar avj oldi.

Boshqa fergusonliklar kabi Meldon Moffitt ham atrofga qarab jim tura olmasligini aytadi.

“Har kuni u yerga chiqib, gapiraman,” deydi.

Politsiya kuzatuvi ostida u va boshqa namoyishchilar ko’chaga chiqib Maykl Braun ishida adolat talab qilmoqda.

Qurollanmagan o’smir bu yerda oq tanli politsiyachi tomonidan otib o’ldirilgan edi. Keyin esa namoyishlar, qonli to’qnashuvlar boshlanib ketdi. Mulk o’g’irlandi, vayronagarchilik kuzatildi.

Endi esa bu joyda namoyishchilarni tinchlantirib, adolat topishga intilganlar yig’ilmoqda.

“Odamlar qo’zg’olon ko’tardi, hammamiz birga ko’chalarga chiqdik. Bu mening mahallam. Hamma qatori men ham chiqdim,” - deydi bir fuqaro.

G’arbiy Florissan ko’chasi Amerika xalqining irq, tengsizlik va adolat haqidagi bahs-munozaralariga guvoh bo’ldi.

So’nggi kunlarda binolarga yetgan zarar ko’zga tashlanadi. Ammo namoyishchilarni yoqlayotganlar ko’payganini ham payqash mumkin.

Politsiya va fuqarolar o’zaro ishonchni tiklab, g’azab kayfiyatini tinchlantirmoqchi.

“Politsiya meni faqat irqim sababli chetga tortib, hech qanday asossiz so’roq qildi. Men bilan qo’pol gaplashdi. Ammo men qora tanli erkak sifatida hurmat bilan muomala qilishni yaxshi bilaman. Ko’chaga chiqib hammayoqni ostin-ustun qilish yaramaydi,” - deydi Kreg Bass ismli ko'ngilli.

Politsiya zo’ravonliklarni chetdan kelgan guruhlar boshlab berganini ta’kidlamoqda. Fergusondagi namoyishchi Veston Suber ham namoyishlar paytida bunga guvoh bo’lganini aytadi.

“Orqamda bir odam radiokarnay orqali inqilob, deya baqirib keldi. So’ngra karnaysiz “yur oldinga, itar”, deb baqira boshladi. Ular bizni polistiya bilan to’qnashtirmoqchi bo’ldi shekilli,” - deydi u.

Xalqaro Amnistiya inson huquqlari tashkiloti politsiyani ortiqcha qatiqqo’llik ishlatganda ayblamoqda. Namoyishchilar huquqlarini himoya qilmoqda.

“Albatta, politsiyachilar o’zini himoya qilishi kerakligini tushunamiz. Ammo ular tahdidga qarab, shunga mos harakat qilsin, bir necha odam qonunni buzsa, hammanning huquqi toptalmasin,” - deydi tashkilot vakili Jasmin Xayss.

Meldon Moffitt adolatsiz hibsga olingan namoyishchilardan biri ekanini aytadi.

“Aslida politsiya bizni gijgijladi. Oldimizga miltiqlar bilan kelib, yuzimizga chiroq tushirib, qarab, bizni itardi, boshqa yerga haydadi. Vaholanki, biz namoyish qilayotgandik, xolos”.

Politsiya jamoatchilik va bizneslarni himoya qilayotganini aytadi. Moffitt esa adolat izlayapman, deydi.

Your browser doesn’t support HTML5

Irqchilikka qarshi namoyishlar - Ferguson, Missouri