AQShning Luiziana shtatida toshqin, 11 kishi o'lgan

  • Amerika Ovozi

AQShning Luiziana shtatida 40 ming xonadonni vayron qilgan toshqinlardan so’ng asta-sekin tozalash va tiklanish ishlari boshlanyapti. Tabiiy ofat 11 kishini hayotdan olib ketdi. Baton Ruj shahri eng katta ziyon ko’rgan.

Janubiy Luiziana aholisi bunaqangi vayronagarchilikni hali ko’rgan emas.

“Umr bo’yi shu yerda yashab, suv sathi shunchalik ko’tarilganini ko’rmaganman”, - deydi qutqaruvchilardan biri.

Ko’pchilik uy-joysiz qoldi. “Bor budimdan ayrildim. Tirik qolganimizga shukur. Hammamiz sog’-omon, muhimi shu”, - deydi bir luizianalik.

“G’oyo hayot tugagandek. Peshona teri bilan topganlarimiz barbod bo’ldi”, - deydi yana bir fuqaro.

Jeyms Leyn bunday manzaraga ilgari ham guvoh bo’lgan. U 2005-yilda Katrina dovulida uyidan ayrilgach, Baton Ruj shahriga ko’chib o’tgan edi.

“O’shanda ham xonavayron bo’lgan edik. Bu yerga ko’chib, mana 10 yildan keyin yana o’sha avhol”, - deydi suhbatdosh.

Luizianada o’tgan bir haftada 30 mingdan ziyod odam evakuatsiya qilingan. Suv sathi pasayar ekan, ayrim hududlarga oziq-ovqat va dori-darmon yetib kela boshladi. Shtatdagi barcha trassalar, shaharlarni bir-biriga bog’lovchi yo’llar suv ostida.

Federal hukumat jabrdiydalarga yordam va’da qilmoqda. Hozirgacha 70 ming odam ko’mak olish uchun ro’yxatdan o’tgan. Amerikaning boshqa burchaklaridan ham madad yetib kelmoqda.

Pop yulduzlardan biri Teylor Svift toshqindan ziyon ko’rgan hududlarni tiklash uchun bir million dollar va’da qildi.