Oziq-ovqat sanoati tabiatga zarar yetkazmasin, deydi amerikaliklar

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Oziq-ovqat va siyosat - go'sht iste'moli

Amerikaliklar orasida go’sht iste’moli kamaygan. Mahsulot qimmatligi talab pasayishida rol o’ynaydi, albatta, lekin ko’pchilik uchun salomatlik hamda jonivorlar huquqlari ham muhim. AQSh Qishloq xo’jaligi vazirligi chiqargan tavsiyanomada ilk bor oziq-ovqatni tanlashda ekologiyani ham unutmang, deya eslatilgan. Bu o’ziga xos bahs-munozaraga sabab bo’lmoqda.

Har besh yilda Qishloq xo’jaligi vazirligi so’nggi tadqiqotlarga asoslanib, ovqatlanish normalariga oid tavsiyanoma chiqaradi. Undagi maslahatlar maktablardagi tushlikdan tortib, keksalar, ayol va bolalarga atalgan federal dasturlargacha – barchaga taalluqli, deydi Shimoiy Amerika go’sht institutidan Janet Rayli.

“Aholining eng zaif qatlamlari haqida gap ketyapti. Ular oqsil, vitamin va minerallarga boy ovqat yeyishi kerak,” - deydi u.

571 betdan iborat hujjat keng jamoatchilikka havola etildi. Bu gal unda go’sht va sut mahsulotlarini yetishtirish jarayoni tabiatga qanchalik zarar yetkazishi ham qayd etilgan. Rayli fikricha, bu qo’mitaning vazifasiga kirmaydi.

“E’tibor sog’lom ovqatlanishda bo’lishi kerak,” - fikr bildiradi u.

Yer siyosati institutining tadqiqotlar bo’limi rahbari Janet Larsenga ko’ra esa oziq-ovqat haqida gapirganda nafaqat aholi salomatligi, balki atrof-muhit haqida ham o’ylash kerak.

“Go’sht mahsulotlarini yetishtirishda atmosferaga katta hajmda zararli gazlar chiqariladi. Bu gazlar sayyoramizni isitib yuboryapti. Demak, oziq-ovqat mahsulotlarining shunday turlarini iste’mol qilingki, atmosferaga ta’siri kamroq bo’lsin”.

Chorvadorlik katta hajmda yer, yem va suv talab qiladi. Ayniqsa rivojlanayotgan mamlakatlarda, deydi Larsen.

Go’sht sanoati esa o’z mahsulotini himoya qilib, oziq-ovqatga oid tavsiyalarda ekologiya haqida gap bormasligi kerak, deydi.

“Ko’proq tadqiqotlar o’tkazilishi kerak. Ekspertlar masalani puxta o’rganib chiqsin. Diyetologlar o’z mutaxassisligi doirasiga kirmaydigan masalalar yuzasidan fikr bildirishi va bunday tavsiyalar bilan chiqishi umuman noo’rin”.

Tahlildan maqsad aholi orasida semizlik va xronik kasalliklarning oldini olish ekan, go’sht iste’molini kamaytirish va meva-sabzavotlardan ko’proq yeyish tavsiya qilinadi. Bu maslahatlar, albatta, oziq-ovqat sanoati e’tiboridan chetda qolmaydi.

Janet Larsenga ko’ra, rivojlangan davlatlarda go’shtga talab pasayib bormoqda. Rivojlanayotgan mamlakatlarda shuning aksi.

“Qo’shma Shtatlar go’sht iste’moli bo’yicha ham, bu mahsulot eksporti bo’yicha ham beshtalikka kiradi. Tashqi dunyoga sog’lom va to’g’ri ovqatlanish, tabiatni asrash bobida o’rnak bo’lishimiz darkor axir. Har narsaning chegarasi bor”.

Jamoatchilik orasida muhokamalar davom etyapti. Yakuniy tavsiyanoma yil oxiriga borib e’lon qilinadi.