Millionlab amerikalik ochlik tahdidi bilan yuzma-yuz

  • Amerika Ovozi

AQSh Qishloq xo’jaligi vazirligining xulosa qilishicha, mamlakatda ro’zg’orini butlay olmay, qiynalib yashayotgan odamlar rekord darajada ko’p. O’tgan yilgi ma’lumotlarga ko’ra, 17 million odam, ya’ni har yetti kishidan biri to’yib ovqat yemagan. 2008-yildan buyon bu raqam o’zgarmay keladi. Demak, moliyaviy inqiroz tugab, iqtisodiy o’sish kuzatilayotganiga qaramay, Amerikada kambag’allar kamaymayapti.

Your browser doesn’t support HTML5

Amerikada 17 million odam ochlik tahdidi bilan yuzma-yuz - Navbahor Imamova

Merilend shtatidagi “Sistas United” bepul oziq-ovqat omborxonasiga bugun tarvuzlar keltirildi. So’nggi yillarda bu yerga keladigan, yordamga muhtoj oilalar soni keskin ko’paydi. Iqtisodiy inqiroz 2009-yilda tugagan deb hech o’ylamaysiz, deydi inshoot rahbari Vessita Makkinli.

“Bir million dollarlik savolim bor: kim yaxshi yashayapti? Chunki men uchun aholi orasida yaxshi yashayotganlar yo’q”.

Iqtisodiy inqiroz boshlanganida ishsizlar soni keskin ko’paydi. 2010-yildan beri esa bundaylar kamayib keladi.

Hukumatning bildirishicha, inqiroz paytida oziq-ovqat ta’minoti ancha oqsab qoldi. Hozirda ko’proq odamlar ishga joylashmoqda, ammo kambag’allar soni hamon yuqori.

“Ishim bor, ammo qiynalib yashayman. Ishlaysanmi, ishlamaysanmi, farqi yo’q. Baribir pul yetmaydi,” - deydi Greys Devis.

U bolalar bog’chasida murabbiya. Oladigan maoshi oy oxirigacha yetmaydi, shu sababli ko’pincha “Sistas United” ga kelishga majbur.

“Qayerga borishimni bilmayman. Ba’zi kunlari yegulik yetarli bo’lmaydi. Shunda o’zim och qolsam ham, o’g’limning qornini to’ydiray, deyman. Och qolsam qolay, nimayam qilardim,” - deydi u.

So’nggi yillarda oziq-ovqat narxlari ancha qimmatladi, ammo maoshlar deyarli oshmadi.

Sara Ot oshpaz, lekin oladigan puli ro’zg’orga yetmaydi.

“Elektr energiyasi va avtomobil krediti uchun to’lab, benzin sotib olgandan keyin oziq-ovqat uchun pul ham qolmaydi. Pulingiz bo’lsa ham, sifatli ovqat yeyman, desangiz, buni cho’ntak ko’tarmaydi”.

Bu markazlar yangi terilgan sabzavot va mevalar taklif qiladi. Go’sht ham toza. Bunday mahsulotni supermarketdan sotib olishga qurbi yetmaydigan odam sifatsiz narsalar yeydi, deydi Vashingtondagi “Capital Area” omborxonasi rahbari Nensi Roman.

“Afsuski, bunday mahsulotlar salomatlikka juda yomon ta’sir qilishi aniq. Buni biz yaxshi tushunamiz”.

Odamlar ko’proq sifatli mahsulot tanovul qilsa, diabet, yurak xastaliklari va boshqa xastaliklar kamayadi, deydi Nensi Roman.

“Sistas United” omborxonasida esa Vessita Makkinli hammaga jon deb oziq-ovqat tarqatardimu, lekin muhtojlar juda ko’p, deydi.

“Dunyodagi eng qudratli, eng boy davlatmiz-ku, axir?! Boshqa mamlakatlarda odamlar bizdagi katta mashinalar, hashamatli uylarga havas qiladi. Nega unda ko’chalarimizda och odamlar ko’p?”

Hozircha yordam so’rab kelayotganlarning keti uzilmayapti.

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh: oziq-ovqat va tirikchilik US/Food Aid