Afg’oniston rahbari Ashraf G’ani AQShda mehmon

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Afg’onistonda o’tgan yilgi ilk demokratik saylovda prezidentlikni qo’lga kiritgan Ashraf G’ani va Bosh vazir Abdulla Abdulla Vashingtonga tashrif buyurdi. Oq uyda o’tadigan muzokaralarda asosiy mavzular - xavfsizlik, iqtisodiy taraqqiyot hamda Tolibon bilan murosa.

Bugunga kelib xalqaro qo’shinlarning aksar qismi Afg’onistonni tark etgan. Mamlakat xavfsizligini ta’minlash mahalliy armiya va politsiya zimmasida. So’nggi payt Tolibon hujumlari tobora qonli tus olmoqda.

Deyarli bir yil oldin Prezident Obama Afg’onistondan amerikalik askarlarni chiqara boshlashi haqida e’lon qilgan edi.

Biroq matbuot xabarlariga qaraganda, oliy qo’mondon joriy yilda besh ming zobitni vatanga qaytarish qarorini qayta ko’rib chiqayotgan bo’lishi mumkin. Hozir Amerikaning Afg’onistonda qariyb 10 ming askari bor.

Oq uy so’zlovchisi Josh Ernest bu xabarlarga izoh berib o’tdi.

“Jarayon qanday kechishini prezident milliy xavfsizlik bo’yicha maslahatchilari va harbiy qo’mondonlar bilan muhokama qiladi va bir qarorga keladi”, - deydi u.

Afg’onistonda kichik bir kontingentni qoldirish, AQSh bazalarini hoziroq yopmaslik masalasi Oq uyda Prezident Ashraf G’ani bilan obdon muhokama qilinadi.

Bu Ashraf G’anining prezident sifatida Vashingtonga ilk tashrifi. Afg’oniston sobiq rahbari Hamid Karzay AQSh bilan ikki tomonlama xavfsizlik kelishuvini imzolashdan bosh tortgan edi. G’ani ishga kirishishi bilanoq hujjatga qo’l qo’ydi, tungi reydlarga ruxsat berdi, iqtisod va boshqa sohalarda islohot va’da qildi.

Siyosiy tahlilchi Arti Gunasekaran izohiga ko’ra, asosan xavfsizlik va iqtisodiy masalalar muhokama qilinsa-da, ilgari berilgan va’da va majburiyatlarni qayta ko’rib chiqish uchun imkoniyat bu.

“Afg’oniston rivojlanishi yo’lida eng katta to’siqlardan biri bu korrupsiya. Agar Prezident G’ani undan qutulishga bel bog’lasa, islohotga jiddiy yondashsa, Amerika ham yordamga tayyor”.

Prezident G’ani va Bosh vazir Abdulla Afg’onistonni iqtisodiy jihatdan oyoqqa turg’izishni ustuvor masala deb belgilagan. Aholisining qariyb 70 foizini yoshlar tashkil etuvchi jamiyat uchun bu o’ta muhim.

Bir kun kelib, Vashington-Kobul aloqalarida ham xavfsizlik ikkinchi o’ringa tushadi degan umid bor.

“Xavfsizlik emas, iqtisodiy taraqqiyot bosh o’ringa chiqishi kerak”, - deydi tahlilchi.

Suhbatdoshga ko’ra, zarur islohotlar amalga oshirilib o’sish yo’lga qo’yilsa, Afg’oniston yaqin kelajakda xalqaro hamjamiyatdan yordam so’rab o’tirmaydi, balki iqtisodiy o’yinchilar qatoridan joy oladi.