AQSh Vengriya bilan harbiy kelishuv imzoladi

  • Amerika Ovozi

NATO harbiy blokining 70 yilligiga bag’ishlangan anjuman doirasida AQSh Vengriya bilan mudofaa bo’yicha hamkorlikka oid ikki tomonlama bitim imzoladi.

Vengriya Tashqi ishlar va savdo vaziri Peter Siyarto hujjatni 20 yil avval imzolangan bitimning “modernizatsiya qilingan shakli” deya tasvirlamoqda. AQShning Vengriyadagi elchisi Deyvid Kornshteynga ko'ra esa imzolangan bitim qurolli kuchlar to’g’risidagi avvalgi shartnoma maqomini yangilab, mudofaa sohasidagi yangi voqelikni o’zida aks ettiradi.

Jon Xopkins universiteti eksperti Daniel Xemilton izohicha, hujjat Yevropani tahdidlarga qarshi tayyorlash tashabbusi doirasida ittifoqchilarga AQSh moliyasini yo’naltirish imkonini beradi. Moliya “asosan harbiy infrastrukturani takomillashtirish va raketa hujumiga qarshi mudofaa hamkorligi”ga qaratilgan.

AQSh ana shunday shartnomani bir qator ittifoqchi davlatlar bilan ham imzolagan va boshqa hukumatlar bilan ham olib bormoqda, deydi Xemilton.

Yevropani tahdidlarga qarshi tayyorlash tashabbusi avvalroq Yevropani himoyalash tashabbusi deb atalgan. Rossiyaning 2014-yildagi Qrim va Sharqiy Ukrainadagi harakatlari ushbu tashabbusga turtki bo’lgan edi. Bu dastur orqali AQSh Yevropadagi sheriklariga Rossiyadan o'zlarini himoya qilishga ko'maklashishni ko'zlaydi. AQSh buning uchun 6,5 milliard dollar ajratgan.

Vengriya tashqi ishlar vaziri Vashingtonga tashrifi chog'ida AQShning Markaziy Yevropa xavfsizligi yo’lida olib borayotgan siyosatini olqishlagan.

Obama prezidentligi davrida Vengriya noliberal demokratiyaga aylanayotgani to'g'risida tanqidlar yangrar edi, deya tushuntiradi ekspert Daniel Xemilton.

Davlat Departamenti bayonotida Vengriyaning Vashington bilan aloqalarni mustahkamlashga intilishi, shuningdek, AQShning Markaziy Yevropa bilan munosabatlarni kuchaytirishga urinishi olqishlangan. Bitim tafsilotlari hozircha ma’lum emas.