AQSh Eron bilan yadroviy bitimga qaytish xususida gaplashmoqchi

  • Amerika Ovozi

Eron yadro inshooti (arxiv surat)

Qo’shma Shtatlar Eron bilan 2015-yilda imzolangan xalqaro yadro bitimini jonlantirish xususida gaplashishga tayyor ekanini bildirmoqda. Sobiq prezident Donald Tramp shartnomadan salkam 3 yil oldin chiqqan edi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 19-fevral, 2021-yil

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Britaniya, Fransiya va Germaniya tashqi ishlar vazirlari bilan video orqali shu mavzuni muhokama qildi. Unga ko’ra, bu borada birinchi qadamni Tehron qo’yishi kerak.

“Prezident Bayden Eron bitim shartlarini to’liq bajarishga kirishsa, AQSh ham shunday qilishini aniq va ravshan aytib keladi. Shundan keyin ittifoqchilarimiz va hamkorlarimiz bilan bitimni yanada kuchaytirib, umrini uzaytirishga kirishamiz”, - dedi Blinken.

Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif birinchi qadamni Amerikadan kutmoqda.

"AQSh barcha sanksiyalarni shartsiz ravishda bekor qilishi kerak, shundagina Eron ham bunga qarshi ko’rilgan barcha choralaridan qaytadi”, - dedi Eron vaziri.

Amerika rasmiylaridan birining aytishicha, bunday tortishuv Eron yadro dasturiga doir bitimni jonlantirishga g’ov bo’lmasligi kerak.

“Kattaroq muammo”, deydi rasmiy, “bitim amali chegaralarini belgilash bo’ladi”.

Bayden ma’muriyati Eronning BMTdagi diplomatlariga harakatlanish imkoniyatini kengaytirib, Tehron tomon ijobiy qadam qo’ydi. Tramp 2019-yilda eronlik diplomatlarga Nyu-Yorkning kichik bir qismidan chiqmaslikni buyurgan edi.