AQSh Eron harbiylarini, Eron esa Amerika harbiylarini terrorchi deb e'lon qildi

  • Amerika Ovozi

Eron Islomiy inqilob posbonlari korpusi

Tramp ma’muriyati Eron qurolli kuchlari tarkibiga kiruvchi Islomiy inqilob posbonlari korpusi va uning xorijdagi harbiy amaliyotlarga mas’ul “Quds” maxsus kuchlarini xorijiy terrorchi tashkilot deb e’lon qildi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 9-aprel, 2019-yil

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeoning aytishicha, Eron armiyasi o’zi moliyalayotgan terrorchi guruhlar ro’yxatiga tushmoqda. Bundan keyin Qo’shma Shtatlar Eron Inqilob posbonlari korpusiga qo’shimcha sanksiyalar qo’yishi, uni moliyalovchi bizneslar faoliyatiga putur yetkazishi mumkin.

Islomiy inqilob posbonlari korpusi Eronda 1979-yilda islomiy inqilobdan so’ng tuzilgan qurolli kuchlarning bir qismi hisoblanadi. Pompeoga ko’ra, Tehron so’nggi 40 yildan beri bu maxsus bo’linmadan turli yo’llar bilan inqilobiy g’oyalarini yoyishda foydalanmoqda.

“Korpus qonuniy harbiy tashkilot niqobi ostida harakatlanadi, biroq bizni laqillatib bo’lishibdi. U har safar qurolli mojarolar qonunlarini buzib keladi, dunyo bo’ylab terror kampaniylarini rejalaydi, tashkillashtiradi va amalga oshiradi”, - deydi Pompeo.

AQSh davlat kotibiga ko’ra, Inqilob posbonlari korpusi va uning “Quds” maxfiy maxsus bo’linmasi Livanning “Hizbulloh”, Falastinning XAMAS harakatlari kabi terrorchi guruhlar ro’yxatidan joy oladi.

Bunday qadam bu harbiy tashkilotlar va ularning faoliyatini moliyalovchi kompaniyalarni ham nishonga oladi.

“Ayrim hisoblarga ko’ra, korpus Eron iqtisodiyotining yarmi yoki undan ko’pini nazorat qiladi, u bilan hamkorlikning endi badali bo’ladi”, - deydi Davlat departamentidan Brayan Xuk.

AQShning bu qaroriga javoban Eron Oliy milliy xavfsizlik kengashi AQSh Qurolli kuchlarining Markaziy qo’mondonligini terrorchi tashkilot deb, AQSh hukumatini esa terror homiysi deb e’tirof etdi.

Iroq va Suriyada AQSh ham, Eron ham “Islomiy davlat” terrorchi to’dasiga qarshi kurashayotgan tomonlarni qo’llab-quvvatlaydi. Biroq Qo’shma Shtatlar nazarida, Eron harbiylari Iroqda Amerikaning 600 dan ziyod askari o’limiga sabab bo’lgan, yillar davomida AQShning dunyo bo’ylab harbiylarini nishonga olgan. Oq uy qarori 15-aprel kuni kuchga kiradi.