Iroqda parlament saylovlari boshlanmoqda

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

30-aprel kuni Iroqda AQSh askarlari mamlakatni tark etgandan beri ilk parlament saylovlari bo’lib o’tadi. Ovoz berish qonli zo’ravonlik kuchaygan hamda mazhablararo ziddiyat minglab odamlar hayotiga zomin bo’lgan bir paytda bo’lib o’tishi kutilyapti.
Markaziy Bag’dod ko’chalari nomzodlar nomi aks etgan afishalarga to’la.
Ko’plab iroqliklar saylovda qatnashish guvohnomasini olish uchun ro’yxatdan o’tmoqda.

Mamlakatning beqaror demokratiyasini saqlab qolishda parlament saylovlari muhim ahamiyatga ega ekani aytiladi.

Maoz Musab kabi oddiy fuqarolar yaxshi kunlardan umidvor.

“Hozirgi siyosatchilar o’rniga yangilari keladi deb umid qilamiz. Sakkiz yildan beri bir xil odamlarni ko’rib charchadik. Ular biz uchun hech narsa qilmadi. Xudo xohlasa, o’zgarish bo’ladi degan umiddamiz”, - deydi iroqlik fuqaro.

Ammo saylovning zo’ravonlik kuchaygan bir paytga to’g’ri kelayotgani xavotirlarni oshirgan.

Jangarilar saylovga xalaqit berish uchun mashina bombalari hamda xudkushlik hujumlaridan foydalanmoqda.

AQShning Iroqdagi sobiq elchisi Jeyms Jeffri bu ajablanarli hol emas, deydi.

“Demokratik jarayonlar har doim tartibsiz bo’lgan. Ular har doim, Uinston Cherchil ta’biri bilan aytganda, muqobil yo’lni ko’rguncha umidsiz bo’ladi. Bu, ayniqsa, rivojlanayotgan demokratik davlatlar uchun xos”, - deydi diplomat.

Tahlilchilar bosh vazir Nuri al-Malikiy yetakchiligidagi koalitsiyaning g’alaba qozonishini taxmin qilmoqda.

Shialarning katta salohiyatga ega ulamosi Muqtado al-Sadr shu yil boshida Iroq siyosatiga boshqa aralashmasligini ma’lum qilgan edi. Shundan so’ng Malikiyning imkoniyatlari yanada yaxshilandi.

Yaqin Sharq bo’yicha tahlilchi Jonatan Shenzer bu haqda shunday deydi:

“Nuri al-Malikiy qudratini yanada mustahkamlashning imkonini topgan. U sayloving yagona g’olibi bo’lib chiqishi ehtimoli katta”.

Xavfsizlik nuqtai nazaridan Anbar viloyatining Falluja shahrida saylov o’tkazilmasligi kutilyapti.

“Al-Qoida”ga aloqador jangari guruhlar yanvar oyidan beri shaharning aksar qismi ustidan nazorat o’rnatgan.

Bag’doddagi hukumat Fallujani qayta qo’lga kiritishga urinib kelayotgan bo’lsa-da, hujumlar faqat shahar atrofi bilan cheklanmoqda.

Shaharning kelajagi mavhum, deydi tahlilchi Shenzer.

“Ular ichkariga kira oladimi? Iroq davlati bu guruhlarni siqib chiqaradimi yoki bu yerlar zaif markaziy hukumat nomi ostida ushbu jihodchi guruhlar qo’liga topshiriladimi?” – deydi Shenzer.

Jangarilarga qarshi kurashda foydalanish uchun AQSh Iroq armiyasiga havodan quruqlikni nishonga oluvchi raketalar hamda boshqa qurollar yetkazib berdi. Ammo rasmiy Vashington hujumlarda AQSh askarlari bevosita ishtirok etmasligini bildirdi.

Yaqinlashayotgan Iroq saylovlari esa AQSh jamoatchiligida katta qiziqish uyg’otayotgani yo’q.

Sobiq elchi Jeyms Jeffri shu haqda gapiradi.

“Shuncha resurslar sarflansa ham ahvol o’zgarmaganidan keyin Iroqdan hafsalamiz pir bo’ldi. U Daniyadek davlatga aylana olmadi. Hech qachon bunday bo’lishiga ko’zim yetmaydi. Amerika xalqining umidlari puchga chiqdi”, - deydi u.

Tahlilchilarning aytishicha, parlament saylangani bilan koalitsiya hukumatini tuzish bo’yicha muzokaralar bir necha oy vaqt olishi mumkin. Chunki yagona bir partiyaning mutlaq ko’pchilik o’rinlarni qo’lga kiritishi ehtimoli juda past.