Obama: "Islomiy davlat"ga qarshi kurashning yangi bosqichiga kirdik

  • Amerika Ovozi

Prezident Barak Obama Iroqdagi AQSh askarlari sonini ikki barobar oshirish qarorini "Islomiy davlat" jangarilariga qarshi kurash yangi pallaga kirayotgani bilan izohladi.

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh va Iroq, Behzod Muhammadiy

Obama Amerika askarlarini Iroqdan butunlay olib chiqishga va'da bergan edi.

"Oradan to'qqiz yil o'tib, Amerikaning Iroqdagi urushiga yakun yasalmoqda", - degan edi u.

Ammo Obama bugun "Islomiy davlat" jangarilariga qarshi Iroq armiyasini yaxshiroq qurollantirish va tayyorgarlikdan o'tkazish uchun mintaqaga qo'shimcha 1500 askar jo'natmoqda.

"Bu yangi bosqichdan darak", - deydi Obama.

Prezident "CBS" telekanalida shu haqda gapirdi.

"Hozir hujumlarni kuchaytirish uchun qulay vaziyatga egamiz. Havo hujumlari "Islomiy davlat" imkoniyatlarini zaiflashtirishda hamda ular yo'lini to'sishda katta samara berdi. Endi bizga piyoda qo'shinlar kerak, Iroq piyoda qo'shinlari. Ular jangarilarni ortga qaytarishni boshlashlari kerak", - dedi Obama.

Respublikachilar Iroq armiyasining jangarilarga qarshi tura olish salohiyatini shubha ostiga oladi. Kongressmen Darel Issa ulardan biri.

"Malikiy hukumati yaratgan sunniy-shia ixtilofi kuchaygan bir paytda ular xohlagan armiyani yuzaga chiqarish juda-juda qiyin. Mashqdan o'tayotgan 800 ming kishilik armiyaning qanchasi kurashishga tayyor yoki tayyor emasligini vaqt ko'rsatadi. Ammo fakt shuki, ular jangarilardan qochishni boshlashi bilan, askarlar soni chorak millionga tushib qolgan edi", - deydi kongressmen Issa.

Pentagonning aytishicha, AQSh askarlari to'qqizta Iroq brigadasini hamda kurdlarning uch peshmerga guruhini tayyorgarlikdan o'tkazadi. Bu orada jangari manzillariga qarshi AQSh havo hujumlari davom etadi. Iroqda amerikalik askarlar soni oshayotgan bo'lsa-da, Obama ularning jangarilar bilan to'g'ridan-to'g'ri to'qnashuvlarga kirmasligini ta'kidlashda davom etmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh Iroqda qo'shinni ko'paytirmoqda/US increasing forces in Iraq