AQSh: Qirg'izistondagi demokratik saylovlar - ulkan yutuq

  • Amerika Ovozi

Saylov jarayonida ko'ngilli yoshlarning xizmati katta bo'ldi, deydi xalqaro kuzatuvchilar

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton fikricha Qirg'iziston xalqi kechagi saylovlarda faol qatnashib, demokratik jamiyat qurishga bel bog'laganini namoyon etdi.

"Nomzodlar bir-biri bilan erkin kurasha oldi va xalqaro hamda mahalliy kuzatuvchilar butun jarayonni bemalol monitoring qila oldi",- deydi Klinton xonim, bugungi bayonotida.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Demokratik Institutlar va Inson Huquqlari bo'yicha Idorasi bergan hisobotga ko'ra, saylov jarayoni ochiq o'tgan va xalqaro me'yorlarga javob bergan.

Ammo kamchilik va xatolar kuzatilgan va ular tuzatilishi shart, deydi AQSh bosh diplomati.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton yaqinda Tojikiston va O'zbekistonga safar qilgan edi

"Men Markaziy saylov komissiyasini barcha shikoyatlarni oshkora ravishda ko'rib chiqib, muammolarni tekshirishga undayman",- deydi Xillari Klinton.

"Men prezident Roza Otunbayeva, parlament va saylov uchun mas'ul rasmiylarni xalqaro standartlarga mos ravishda tinch va tartibli saylov o'tkazgani bilan qutlayman. Qo'shma Shtatlar Qirg'iziston xalqini quvvatlashda davom etadi. Biz bu davlat siyosatchilari va fuqaro jamiyati bilan demorkatik taraqqiyot yo'lida birga ishlashda davom etamiz, toki Qirg'iziston barqaror, farovon va fuqaro huquqlari va erkinliklari e'zozlanadigan jamiyat bo'lsin",- deydi AQSh Davlat kotibasi.