AQShda niqob taqish muhimligi alohida ta'kidlandi

  • Amerika Ovozi

AQShda koronavirus bilan kasallanganlar 3,5 millionga yaqinlashar, o’lganlar 137 mingdan oshar ekan, virus tarqalishining oldini olish uchun niqob taqish tavsiya etilmoqda, ammo hamma ham bu tavsiyaga quloq solmayapti.

Viskonsin shtatida avtomobil poygasi jonlanib, odamlar uni tomosha qilishga oshiqdi.

“Xodimlar va haydovchilarning hammasida niqob bor, ammo tomoshabinlarda emas”, - deydi Jim Kossaart ismli poyga muxlisi.

Florida shtatida kasallanganlar soni keskin osharkan, Disney ko’ngilochar bog’lari bir necha oydan beri ilk bor ochildi. Bog’lar hududida niqob taqish majburiy.

“Niqob taqishning salbiy tomonini ko’rmadik”, - deydi sog’liqni saqlash vaziri yordamchisi admiral Brett Jirua.

Uning aytishicha, niqob virus tarqalishining oldini oladi, ayniqsa kasallik tez tarqalayotgan hududlarda.

“Ko’chada niqob taqish muhim. Shunda siz o’z so’lak zarralaringizning boshqa odamlarga tegishining oldini olasiz. Virus tarqalishiga barham berish uchun odamlarning hech bo’lmaganda 90 foizida niqob bo’lishi kerak. Aks holda virusni nazorat qila olmaymiz”, - deydi admiral.

Niqob taqishni haftalab kanda qilgan Prezident Donald Tramp Vashington yaqinidagi harbiy gospitalga tashrifi chog’ida ilk bor kameralar oldida niqobda ko’rindi.

“Kasalxonaga borganda, askarlar va kasalxona xodimlari, ayniqsa jarrohlik amaliyotidan endigina chiqqan shifokorlar bilan gaplashganda niqob taqish muhimdir. Men hech vaqt niqobga qarshi bo’lmaganman, ammo buni o’z joyi va vaqti bor”, - dedi Tramp.

Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson mamlakatda karantin choralarini kuchaytirmoqchi. Shotlandiya parlamenti do’konlarda niqob taqishni majburiy qilib qo’ydi.

“Ayniqsa yopiq joylarda yuzni yopish kerakligiga urg’u berish lozim. Transportda, do’konlarda, odamlar gavjum joylarda bu qoidaga amal qilish zarur”, - dedi Jonson.

Tibbiy mutaxassislarning aytishicha, boshqa choralarga ham amal qilish lozim.

“Barlarga borishni to’xtating, restoranda odam sonini kamaytiring, boshqalar bilan oradagi masofani saqlash zarur. Ko’cha-ko’yda niqob taqish o’ta muhimdir. Qo’lni ham doim yuvib turing”, - deydi vazir yordamchisi.

Kaliforniya, Florida, Arizona, Texas shtatlari Amerikada koronavirus o’chog’iga aylangan. Odamlar ehtiyot choralariga rioya qilmas ekan, virus tarqalishda davom etadi.