AQSh Mursiyga belgilangan jazo chorasidan norozi

  • Amerika Ovozi

Misr sobiq Prezidenti Muhammad Mursiy

Qo'shma Shtatlar Misrda sobiq Prezident Muhammad Mursiy va 100 dan ziyod tarafdorlariga o'lim hukmi chiqarilganidan tashvishda.

Davlat departamenti bayonotida aytilishicha, AQSh ommaviy sud jarayonlari va hukmlariga hamisha qarshi bo'lib kelgan.

"Bu Misrning xalqaro majburiyatlari va qonun ustuvorligiga zid amaliyotdir", - deyiladi unda.

Qohira sudining hukmi shanba kuni ma'lum bo'ldi. Misr bosh muftiysi 2-iyun kuni yakuniy qaror chiqaradi. Sobiq prezident josuslik, namoyishchilarni qonli bostirishga buyurishda aybdor topilgan. Uning advokatlari apellyatsiya berishi kutilmoqda.

Mursiyning tarafdorlari, shuningdek, HAMAS va Hizbulloh harakatlari bilan til biriktirib, 2011-yilda mahbuslarni ommaviy tarzda qamoqdan qochirganlikda ayblangan.

Sud qaroridan norozi "Musulmon birodarlar" harakati aholini namoyishga da'vat etmoqda.